
BAA milliy terma jamoasi hujumchisi Kayo Lukas JCH–2026 3-saralash bosqichidagi O‘zbekistonga qarshi muhim o‘yin oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning ta’kidlashicha, bellashuv nafaqat jamoa uchun, balki butun mamlakat uchun katta ahamiyatga ega.
“O‘zbekistonga qarshi bo‘ladigan uchrashuv, barchamiz yaxshi bilamizki, juda jiddiy va murakkab bo‘ladi. Ammo biz har tomonlama tayyormiz. Raqibning salohiyatini yaxshi bilamiz va bu sinovga jiddiy yondashmoqdamiz. Ushbu bahs Jahon chempionatiga chiqishimizda hal qiluvchi qadam bo‘lishi mumkin. Shu bois, bor kuch va harakatimizni maydonda namoyon etamiz,” – dedi 31 yoshli tajribali futbolchi jurnalistlar bilan suhbatda.
Kayo Lukas BAA terma jamoasidagi ishtirokida o‘zini doimo faol va mas’uliyatli futbolchi sifatida ko‘rsatgan. Uning yuqori texnikasi, tezkor harakatlari va golli vaziyatlardagi tayinlik hissi jamoa muvaffaqiyatida muhim o‘rin tutadi.
Belgilangan tartibga ko‘ra, BAA va O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv 5 iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Ushbu to‘qnashuv ikki jamoa uchun ham guruh bosqichidagi natijalarni hal etishi mumkin bo‘lgan hal qiluvchi bahslardan biri hisoblanadi.
Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston terma jamoasi hozircha saralash bosqichini muvaffaqiyatli olib bormoqda va ushbu o‘yinda g‘alaba qozonish orqali Jahon chempionatiga yo‘llanmani oldindan kafolatlab qo‘yishi mumkin. Shu bilan birga, BAA uchun ham ushbu bellashuvdagi natija kelgusi imkoniyatlar uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar