
Parijning «PSJ» klubi o‘z tarixida birinchi marta Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘ldi va bu tarixiy zafarni jamoa sardori, tajribali himoyachi Markinos chin dildan, ko‘z yoshlarini yashirmay nishonladi. Milanning «Inter» klubiga qarshi final bahsida parijliklar juda ishonchli, 5:0 hisobidagi yirik g‘alabaga erishdilar.
O‘yin yakunlanganidan so‘ng matbuot vakillari bilan muloqot qilgan Markinos bu g‘alabaning uning hayotida qanchalik katta ahamiyat kasb etishi haqida samimiy fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Bu his-tuyg‘ularni so‘z bilan ifodalash qiyin, buning uchun butun hayotim davomida intilib yashadim. Bugungi kun biz uchun eng yuqori orzuimizga yetishgan kundagi his-tuyg‘ularning buyuk uyg‘unligidir. Biz ko‘p azoblar chekdik, murakkab vaziyatlarda ham bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab o‘sdik va bugun ana shu mehnatimizning samarasini ko‘rib turibmiz», — deya ta’kidladi jamoa sardori.
Markinos buning ortida uzoq yillar davomida mehnat qilgan, ammo ana shunday katta g‘alabaga erishish imkoniyatiga ega bo‘lmagan ko‘plab ajoyib futbolchilarning hissasi ham borligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
«Hozir mening xayolimda «PSJ» safida harakat qilgan, ammo bunday sovringa ega bo‘lolmagan ko‘plab futbolchilar bor. Men kumirlarim Tiago Silva, Lukas Moura, Zlatan Ibragimovich, Edinson Kavani va Anxel Di Mariya haqida o‘ylayman. Ular bu sovringa munosib edi, ammo afsuski, ularning davrida bu amalga oshmadi. Bugun esa biz o‘z klubimiz va ularning nomidan ham tarix yaratdik», — dedi Markinos juda katta hissiyotlar bilan.
Shu bilan birga, braziliyalik futbolchi butun dunyo bo‘ylab «PSJ»ni sevib qo‘llab-quvvatlaydigan muxlislarga minnatdorchilik bildirdi:
«Biz bu sovrinni faqat o‘zimiz uchun emas, balki bizni har doim qo‘llab-quvvatlagan millionlab muxlislar uchun ham qo‘lga kiritdik. «Park de Prens»dagi ishqibozlar, shuningdek, butun dunyoda biz uchun hayqirib turganlar haqida o‘ylayapman. Bu sizlarning ham g‘alabangizdir, buni biz bilan birga nishonlang!»
Markinos o‘zining bugungi kechani hayotidagi eng baxtli va unutilmas kunlardan biri sifatida eslab o‘tdi:
«Bu g‘alaba mening shaxsiy hayotimda eng katta va baxtli on bo‘ldi. Hozir oilam yonimda va ular bu g‘alabani men bilan birga nishonlayapti. Bu juda katta va murakkab maqsad edi. 12 yil avval bu klubga kelganimizda, hech kim bizga shunday katta natijani qo‘lga kiritamiz deb ishonmagandi. Biz uzoq yo‘l bosdik, ko‘p azoblarni yengib o‘tdik va buning natijasi shu kubokdir. Men ushbu sovringa hayotimdagi eng muhim yutuq sifatida qarayman. Bu bizniki va biz uni uyimizga olib ketayapmiz!», — dedi ko‘z yoshlarini zo‘rg‘a tiygan Markinos.
Markinos va uning jamoadoshlari bugungi zafar bilan «PSJ» tarixida mutlaqo yangi sahifa ochdilar. Bu zafar nafaqat klub, balki butun Parij shahri va uning millionlab muxlislari uchun ham katta bayramdir. Buning ortida turgan mehnat va intilish esa futbol tarixida doimo yorqin sahifa bo‘lib qoladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar