date
views 40 646

Qozog‘iston matbuot kotibi: "Bo‘ldi, O‘zbekistonga ko‘chib ketaman!"

Qozog‘iston matbuot kotibi: "Bo‘ldi, O‘zbekistonga ko‘chib ketaman!"
Qozog‘iston milliy terma jamoasi matbuot xizmati rahbari Yermuxammed Maulen o‘z mamlakatining Belarusga qarshi o‘yindagi mag‘lubiyatiga munosabat bildirib, ayni vaqtda O‘zbekiston termasining tarixiy yutug‘iga urg‘u berdi.

«Belarusga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvining 31-daqiqasida hisob 0:2, biz mag‘lubiyatga yuz tutmoqdamiz. Maydondagi g‘alati xatolarni ko‘rib, stadionda o‘tirgan holda na kulishni, na yig‘lashni bilmay qoldim. Menimcha, bu vaziyatda kulish kerak, chunki yig‘lashdan foyda yo‘q», — deb yozadi Maulen.

U o‘sha paytda qo‘shni mamlakat futboli uchun tarixiy voqea yuz berganidan xabar topganini ta’kidlaydi: «Sizlarga ajoyib yangiligim bor: O‘zbekiston milliy jamoasi o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi! O‘zbek og‘alarni chin dildan tabriklayman!»

Maulen o‘zbek futboli bugungi kunda qozoq futbolidan ancha oldinlab ketganini tan olish vaqti kelganini aytib o‘tadi.

«Bir paytlar podkastda ham ta’kidlagan edim, ammo negadir bizning futbolimiz o‘zbek futbolidan ortda qolganini tan olgimiz kelmaydi. Bugungi kun bunga yaqqol isbot bo‘ldi. Hozir o‘zingiz solishtirib ko‘rishingiz mumkin: biz Belarus bilan o‘yinda 0:2 hisobida yutqazmoqdamiz, O‘zbekiston esa mundialga chiqyapti. Bizda hozir maydondagi futbolchilardan birontasi gol urishni istamaydigandek ko‘rinyapti. Axir, bunga qanday chidash mumkin?! Mening endi ko‘chib ketgim kelyapti, O‘zbekistonga!» — deb hazillashadi matbuot kotibi.

Eslatib o‘tamiz, Belarusga qarshi o‘rtoqlik o‘yini Qozog‘iston uchun 1:4 hisobidagi yirik mag‘lubiyat bilan yakunlandi. Shu kuni O‘zbekiston milliy jamoasi esa BAA maydonida o‘ta muhim durang natija (0:0) qayd etib, AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan 2026 yilgi mundialga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Bu yutuq O‘zbekiston uchun futbol tarixidagi ilk bor jahon chempionatida qatnashish imkoniyatini taqdim etdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Qozog‘iston matbuot kotibi: "Bo‘ldi, O‘zbekistonga ko‘chib ketaman!"