date
views 397

“Andijon” bosh murabbiyi: Hech kimga asosiy tarkib kafolat emas!

“Andijon” bosh murabbiyi: Hech kimga asosiy tarkib kafolat emas!
Tojikistonda o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar yig‘ini doirasida “Andijon” klubi mahalliy “Xo‘jand” jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi va ushbu bellashuv 1:1 hisobida yakunlandi. Uchrashuvdan so‘ng jamoa bosh murabbiyi Maksim Shatskix klub matbuot xizmatiga intervyu berib, jamoa holati va kelgusi rejalar haqida fikr bildirdi.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, “Xo‘jand” bilan bo‘lgan bellashuv nafaqat fizik holat, balki taktik ko‘nikmalarni sinovdan o‘tkazish uchun muhim imkoniyat bo‘ldi. “Yaxshi raqibga qarshi maydonga tushdik. Bu o‘yinda futbolchilarning jismoniy va ruhiy tayyorgarligini baholashga, yoshlarimizni ko‘zdan kechirishga e’tibor qaratdik. Ayniqsa, o‘rinbosarlar safidan jalb qilingan futbolchilar o‘z imkoniyatlarini namoyon etishga intildilar”, — dedi Shatskix.

Bosh murabbiy bu kabi bellashuvlar yosh futbolchilar uchun katta tajriba maktabi ekanini ta’kidladi. “Yoshlar tajribali futbolchilar bilan birga o‘yin o‘tkazib, foydali xulosalar chiqaradi, o‘z salohiyatini rivojlantiradi. Bu ular uchun qimmatli tajriba,” — deya qo‘shimcha qildi u.

U shunga ham e’tibor qaratdiki, o‘yin yuqori tempda kechgan bo‘lsa-da, maydon sifati ancha past darajada bo‘lgani natijada o‘yin sifatiga ta’sir ko‘rsatgan. Shunga qaramay, jamoa murabbiylar shtabi tomonidan berilgan ko‘rsatmalar maydonda to‘liq bajarilgani qayd etildi.

“5 kunlik tayyorgarlik davomida qilgan harakatlarimizni bu o‘yinda ko‘ra oldik. Bir kunlik dam olamiz va keyin “Buxoro”ga qarshi chempionat bahsiga jiddiy tayyorgarlikni davom ettiramiz”, — dedi murabbiy.

Tojikistondagi yig‘inning tashkil etilishi va sharoitlariga ham murabbiy ijobiy baho berdi. “Bu yerda barcha sharoitlar yaxshi, havo ham juda yaxshilagina. Hech qanday shikoyat yo‘q. Rejamizga muvofiq mashg‘ulotlar davom etmoqda. Yigitlar berilgan ko‘rsatmalarga rioya qilgan holda jiddiy ishlamoqda,” — deya qayd etdi u.

Bosh murabbiy shuningdek, yaqinda jamoani tark etgan legionerlar haqida ham fikr bildirdi. “Jurichkovich va Mashukov bilan gaplashdik. Ular klub bilan tushunmovchilik tufayli ketishdi. Lekin men har doim ta’kidlaganman: hech bir o‘yinchiga asosiy tarkib kafolatlanmagan. Kim yaxshi o‘ynasa, o‘sha maydonga tushadi”, — dedi Shatskix.

Uning ta’kidlashicha, futbolda adolat va raqobat muhim, kim ko‘proq mehnat qilsa, u imkoniyatga ega bo‘ladi. “Mashg‘ulotlarda o‘zini ko‘rsatgan futbolchini biz ishonch bilan maydonga tushiramiz. Bu mahalliy futbolchimi, legionermi — farqi yo‘q. Muhimi, kim o‘zida kuch va intilish ko‘rsatyapti — o‘sha o‘ynaydi,” — dedi mutaxassis.

Shatskix so‘nggi so‘zlarida shunday qo‘shimcha qildi: “O‘yinchi maydonga tushgan bo‘lsa, u murabbiyning ko‘rsatmalarini to‘liq bajarishi shart. Bu mening shaxsiy talabim, shu bilan birga, futbol qonuni ham shunday.”
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Andijon” bosh murabbiyi: Hech kimga asosiy tarkib kafolat emas!