
Italiyaning mashhur klubi «Roma» rasman yangi bosh murabbiyni tanishtirdi. Jan Pero Gasperini klub bilan 2028 yilgacha mo‘ljallangan shartnomaga imzo chekdi. Ushbu tayinlov klub tarixida yangi sahifani boshlashi mumkin.
67 yoshli mutaxassis avvalgi 9 yilni «Atalanta» klubida o‘tkazib, jamoani yangi pog‘onalarga olib chiqqan. Uning rahbarligida bergamoliklar Yevropa futbolida o‘z o‘rnini mustahkamlab, 2024 yilda Yevropa Ligasida g‘alaba qozongandi. Bu esa Gasperinining yuqori darajadagi murabbiy ekanini yana bir bor isbotladi.
«Roma» esa o‘tgan mavsumni turli burilishlar bilan o‘tkazdi. Mavsumni boshlagan xorvat mutaxassis Ivan Yurich klubga kutilgan natijalarni berolmagani uchun iste’foga chiqarildi. Uning o‘rnini 73 yoshli tajribali mutaxassis Klaudio Raneri egalladi va jamoani Yevropaga olib chiqdi — «Roma» mavsumni 5-o‘rinda yakunlab, Yevropa Ligasi yo‘llanmasiga ega chiqdi. Musobaqa so‘ngida Raneri murabbiylik faoliyatini rasman yakunladi.
Endi esa navbat Gasperinida. Uning taktik qarashlari, futbolga yangicha yondashuvi «Roma»da yangi uslub va ruhiyat paydo qilishi kutilmoqda.
Ayni paytda klub safida o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodov ham harakat qilmoqda. U 2021 yildan buyon jamoa a’zosi hisoblanadi. O‘tgan mavsumda 27 o‘yinda ishtirok etib, 4 ta gol urdi. Yangi murabbiy qo‘l ostida Eldorning ham maydondagi o‘rni va imkoniyatlari yanada kengayadi, degan umid bor.
«Roma»ning yangi sahifasi boshlandi — muxlislar esa yangi davrdan kuchli taassurotlar kutishmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar