
Jan Pero Gasperini rasman “Roma” jamoasining bosh murabbiyi sifatida ish boshladi va jurnalistlar bilan bo‘lgan suhbatda o‘zining dastlabki fikrlarini bayon qildi. 67 yoshli tajribali mutaxassis bu lavozimni katta mas’uliyat va ishtiyoq bilan qabul qilganini ta’kidladi.
“Mendagi ilk taassurotlar juda ijobiy. Bu klub men uchun yangi sahifa va katta sinov, ayni paytda esa unutilmas imkoniyat. Men aynan shunday chaqiruvlarni orzu qilganman. Rimga katta hayajon va yangi maqsadlar bilan keldim. Bu men izlagan adrenalin, men kutgan muhit,” — deya ta’kidladi Gasperini.
Murabbiyning fikricha, “Roma” jamoasida o‘z uslubini tatbiq etish orqali muxlislar muhabbatini qozonish eng ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. U o‘zining falsafasini aniq ifoda etdi:
“Men boshqargan barcha jamoalar shiddatli va yuqori tempda harakat qilgan. Ular ko‘p gol urib, raqibga imkoniyat qoldirmaslikka intilishgan. Men bu uslubni “Roma”da ham davom ettirmoqchiman. Muhimi, muxlislarga ko‘zga yaqin va hujumkor futbol taqdim etish.”
Gasperini so‘nggi 9 yilni “Atalanta”da o‘tkazib, jamoani Yevropa grandlari qatoriga chiqargandi. Uning rahbarligida bergamoliklar 2024 yilda Yevropa Ligasini yutib, tarixiy yutuqqa erishgan. Endi esa u Rimda yangi maqsadlar sari yo‘l olmoqda.
Ta’kidlash joizki, “Roma” jamoasi so‘nggi mavsumda Klaudio Raneri qo‘l ostida Yevropa Ligasi yo‘llanmasiga erishgandi. Raneri muvaffaqiyatli faoliyatini yakunlar ekan, estafetani Gasperiniga topshirdi.
Endi esa klub oldida yangi maqsadlar — kuchli uchlik, kuboklar va eng muhimi, muxlislar qalbini yanadan qozonish bor. Jan Pero Gasperini esa bunga tayyor ekanini ochiq aytdi.
Zamin.uz tahririyati murabbiyning rejalari qanday amalga oshishini kuzatishda davom etadi. Rimda shiddatli va gollarga boy mavsum boshlanishi ehtimoli katta. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar