date
views 318

O‘zbekistonning 17 klubi OFK litsenziyasini qo‘lga kiritdi!

O‘zbekistonning 17 klubi OFK litsenziyasini qo‘lga kiritdi!
Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) 2025/26 yilgi mavsum uchun rasman litsenziya olgan klublar ro‘yxatini e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekistondan 17 ta klub qit’a miqyosidagi musobaqalarda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Bu natija bilan yurtimiz Qatar (18) va Indoneziya (18)dan keyingi uchinchi o‘rinni egallab, yana bir bor Osiyo futbolidagi yetakchi davlatlar qatorida ekanini ko‘rsatdi. BAA (14 klub), Saudiya Arabistoni (13), O‘mon (12), Vetnam (11) kabi futbol rivojlanayotgan mamlakatlar ham faol ishtirok etishdi.

Qo‘shnilarimizdan Tojikiston va Turkmanistonning faqat 2 tadan klubi litsenziya olishga muvaffaq bo‘lgan. Bu esa O‘zbekistonning mintaqadagi ustunligini yana bir bor namoyon etmoqda.

Aynan 2023/24 mavsumida ham 17 ta klub bilan yuqori faollik namoyon etgan O‘zbekiston 2024/25 yilda bu ko‘rsatkichni 19 tagacha olib chiqqan edi. Ammo “Turon” va “Metallurg” klublarining faoliyatni to‘xtatishi joriy mavsumda umumiy soniga ta’sir ko‘rsatdi.

Superligada ishtirok etayotgan barcha 16 ta klub OFK litsenziyasini to‘liq olishga erishgan. Proliga jamoalaridan esa faqat Toshkentning “Lokomotiv” klubi mazkur standartlarni qondirib, litsenziyali jamoalar ro‘yxatiga kiritildi.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, Superliga va Proliga reglamentiga ko‘ra, avvalroq OFK litsenziyasiga ega bo‘lmagan klub kelasi mavsumda Superligada qatnashish huquqidan mahrum bo‘lishi mumkin edi. Ammo yangi tahrirga ko‘ra, bunday talab bekor qilingan. Ya’ni, 2026 yilgi mavsumda litsenziyaga ega bo‘lmagan klub ham Superligada ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.

Bu yangilik mamlakatimiz futbol klublari uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Chunki xalqaro litsenziyaga ega bo‘lish nafaqat sport maydonida, balki moliyaviy va tashkilotchilik jihatidan ham jamoalarni yangi bosqichga olib chiqadi.

Quyidagi grafikada qaysi davlatdan qancha klub litsenziya olganini ko‘rishingiz mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekistonning 17 klubi OFK litsenziyasini qo‘lga kiritdi!