
Portugaliya terma jamoasining afsonaviy yulduzi hamda “Al-Nasr” klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida qatnashmaslik qarorini qabul qildi. Bu haqda taniqli sport jurnalisti va transfer bo‘yicha ekspert Fabritsio Romano xabar berdi.
Romano ma’lumotiga ko‘ra, 40 yoshli yulduz futbolchiga ko‘plab klublardan mundialda qatnashish uchun jiddiy takliflar kelib tushgan, ammo Ronaldu bu musobaqada maydonga tushmaslikni afzal ko‘rgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qaror qabul qilish oson kechmagan, ammo oxir-oqibat bu futbolchi shaxsiy qaror bo‘lganini ta’kidlagan:
“Rostdan ham ko‘plab takliflar va qiziqishlar mavjud edi. Bu muzokaralar davomida men barcha takliflarni sinchkovlik bilan ko‘rib chiqdim. Biroq yakuniy qarorni shaxsan o‘zim qabul qildim. Chunki futbolchi sifatida biz nafaqat qisqa muddatli manfaatlarni, balki o‘rta va uzoq muddatli istiqbollarni ham ko‘rib chiqishimiz lozim. Men aynan shu jihatlarni hisobga olgan holda bu musobaqada ishtirok etmaslikka qaror qildim”, — deydi Krishtianu.
Avvalroq bir qator klublar, xususan, AQSH, Saudiya Arabistoni va Osiyo mintaqasi klublari ham ushbu mundialga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida Ronaldu bilan muzokara olib borgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ammo yulduz hujumchi barcha takliflarga “yo‘q” degan javobni berib, o‘zining bu qarorini jiddiy tahlillardan so‘ng qabul qilganini qayd etdi.
Ronalduning mazkur qaroridan so‘ng, uning klublar o‘rtasidagi JCH musobaqasida qatnashmasligi ko‘plab futbol ishqibozlarini hayron qoldirdi. Uning ishtirok etmasligi jahon futbol jamoatchiligida katta shov-shuvga sabab bo‘lmoqda.
Ma’lumot uchun, klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati joriy yilning 15 iyunidan 13 iyuliga qadar bo‘lib o‘tadi. Ushbu nufuzli turnirda dunyoning turli mintaqalarida g‘olib chiqqan klublar ishtirok etishadi va futbol muxlislari uchun katta bayramga aylanadigan ushbu musobaqa bu safar o‘z safida Krishtianu Ronaldu kabi yulduzning yo‘qligi bilan ham esda qoladi.
Shuningdek, Ronaldu hozirda Saudiya Arabistonidagi “Al-Nasr” klubida faoliyat olib bormoqda va shu mavsumda ham yuqori darajadagi futbol ko‘rsatmoqda. U o‘z klubi bilan qator musobaqalarda gollar urib, muxlislarning olqishlariga sazovor bo‘lyapti.
Har qanday holatda ham, Krishtianu Ronalduning bu qaroridan keyin muxlislar uning yana qanday yangi loyihalarda ishtirok etishi mumkinligiga qiziqmoqda. Uning kelajakdagi rejalari borasida esa hozircha aniq ma’lumotlar mavjud emas. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar