date
views 65

Eyndxovenda o‘zbek bokschilarining yorqin g‘alabalari: uch final yo‘llanmasi qo‘lda!

Eyndxovenda o‘zbek bokschilarining yorqin g‘alabalari: uch final yo‘llanmasi qo‘lda!
Niderlandiyaning Eyndxoven shahrida boks bo‘yicha an’anaviy "Eyndxoven kubogi" xalqaro turniri eng qizg‘in pallasiga kirib keldi. Jahonning kuchli charm qo‘lqop ustalari o‘rtasida kechayotgan bahslarda milliy terma jamoamizning iqtidorli bokschilari yana bir bor yurtimiz sharafini munosib himoya qilishmoqda.

Yarim final bosqichidagi janglarda O‘zbekiston terma jamoasidan uch nafar sportchi final yo‘llanmasi uchun ringga ko‘tarildi. Ular o‘z janglarini yuqori saviyada o‘tkazib, barcha uchrashuvlarda to‘liq va ishonchli g‘alabalarni qo‘lga kiritishdi.

Birinchi bo‘lib Abdumalik Xalokov (-60 kg) ringga chiqdi. Uning raqibi mezbon mamlakat vakili Mahmud Al Chabtun bo‘ldi. Xalokov jangning boshidanoq tashabbusni o‘z qo‘liga oldi va raqibiga zarbalar yog‘dirib, ringda to‘liq ustunlik qildi. To‘liq davom etgan uch raund yakunlariga ko‘ra, hakamlar yakdillik bilan 5:0 hisobida o‘zbek bokschisini g‘olib, deb topishdi. Hal qiluvchi finalga chiqqan Abdumalik yurtimizga oltin medal keltirishga juda yaqinlashdi.

Kechaning yana bir yorqin uchrashuvi -70 kg vazn toifasida Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev ishtirokida bo‘ldi. Uning raqibi ozarbayjonlik tajribali charm qo‘lqop ustasi Nabi Isgandarov edi. Bu bahs kutilganidan ham qizg‘in kechdi va Mo‘ydinxo‘jayevning ajoyib texnikasi hamda tezkorligi omma e’tiborini tortdi. Bokschimiz uch raund davomida to‘xtovsiz zarbalar yog‘dirib, raqibining har qanday urinishlariga muvaffaqiyatli qarshi javob berdi. Yakunlovchi raundda ham Asadxo‘ja ustunligini saqlab qolib, hakamlar qarorini 5:0 hisobida o‘z foydasiga hal qildi.

Qizig‘i shundaki, jangdan so‘ng "World Boxing" tashkiloti prezidenti Boris van der Vorst Asadxo‘ja bilan maxsus uchrashib, bu uchrashuvni kechaning eng yaxshi yarim final bahslaridan biri sifatida yuqori baholadi.

Kechaning eng og‘ir vazn toifasi bo‘lgan -90 kg vaznda esa To‘rabek Xabibullayev ham o‘zining mahorat va kuchi bilan raqibiga imkon qoldirmadi. U qozog‘istonlik Tog‘ambay Sag‘indikga qarshi jang qildi va raqibining himoyasini bir necha bor teshib o‘tib, zarbalarining aniqligi bilan hayratlantirdi. Habibullayev raqibini uchala raundda ham qattiq bosim ostida saqlab, 5:0 hisobida g‘alabani nishonladi va o‘z vazn toifasida finalga yo‘l oldi.

Bugungi kun yakunlari milliy jamoamizning xalqaro miqyosdagi nufuzini yanada ko‘tarib, o‘zbek boksining yangi iste’dodlari uchun kelajakdagi buyuk g‘alabalar eshigini ochmoqda. Bokschilarimiz finalda ham ajoyib janglar ko‘rsatib, "Eyndxoven kubogi"dagi muvaffaqiyatli yurishni g‘alaba bilan yakuniga yetkazishga tayyor ekanliklarini ma’lum qilishdi.

O‘zbekiston boks federatsiyasi ushbu yirik yutuqlar bilan barcha muxlislarni va yurtdoshlarni tabrikladi. Boks ixlosmandlari ertangi hal qiluvchi final janglarida ham O‘zbekiston termasiga omad va katta g‘alabalar tilamoqda. Ha, Eyndxovendan sovrinlar bilan qaytish arafasidagi charm qo‘lqop ustalarimiz uchun endi orqaga yo‘l yo‘q – faqat g‘alaba sari intilmoqdalar!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eyndxovenda o‘zbek bokschilarining yorqin g‘alabalari: uch final yo‘llanmasi qo‘lda!