date

Eldor Shomurodov: Yevropa endi Husanov haqida gapirmoqda

Eldor Shomurodov: Yevropa endi Husanov haqida gapirmoqda
O‘zbekiston milliy terma jamoasining tarixiy muvaffaqiyati – Jahon chempionatiga ilk bor yo‘llanma olishidan so‘ng, yurtimiz futbolchilariga bo‘lgan qiziqish butun dunyoda ortib bormoqda. Ayniqsa, Yevropadagi klublarda faoliyat olib borayotgan yurtdoshlarimiz haqida turli suhbatlar tobora ko‘paymoqda.

Mashhur “Nobel” YouTube-kanali orqali so‘zga chiqqan Eldor Shomurodov shunga doir qiziqarli voqea-hodisalarni bayon qildi. Uning aytishicha, so‘nggi yillarda Italiyada o‘zbekistonlik futbolchilar haqidagi qiziqish ancha oshgan.

— Avvallari, ular mendan “Yevropada faqat sen o‘ynaysanmi?” deb so‘rashardi. Men “ha” desam, “u holda sen qirolsan”, deb hazillashishardi. Ammo bugungi kunda barcha diqqat markazida yana bir ism — Abduqodir Husanov, — dedi Eldor.

Shomurodov so‘zlariga ko‘ra, Italiyadagi jamoadoshlari endi undan Husanov haqida so‘ray boshlagan. Ular “O‘zbekistonda yangi qirol tug‘ildimi?”, “Husanov “Siti”da o‘ynayapti, u seni ham ortda qoldiribdiku?” deb sho‘xlik qilishar ekan. Eldor esa samimiylik bilan “Ha, u menikidan balandroq darajada”, deb javob qaytarayotganini aytib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov “Mash’al” akademiyasida tarbiyalangan bo‘lib, keyinchalik “Bunyodkor”da to‘p surgan. 2017 yilda Rossiyaning “Rostov” jamoasiga yo‘l olgan va u yerda muvaffaqiyatli uch yillik faoliyatdan so‘ng Italiyaning “Jenoa” klubiga o‘tgan. Keyinchalik “Roma”ga transfer qilindi va u yerdagi faoliyati davomida UYEFA Konferensiyalar ligasini qo‘lga kiritdi.

Bugungi kunda Shomurodov A Seriyada 129 ta o‘yinda ishtirok etib, 19 ta gol va 13 ta golli uzatma muallifiga aylandi. Shuningdek, u milliy terma jamoa tarixida eng ko‘p gol urgan futbolchi — 42 ta. Bu ko‘rsatkichga u 82 ta o‘yin orqali erishdi.

Ayni paytda Eldor o‘zining tajribasi va liderlik xususiyatlari bilan hamon milliy jamoa uchun muhim figura sanaladi. Uning so‘zlarida faqat oddiy gaplar emas, balki kelajakdagi umid, birdamlik va o‘zbek futbolining yangi davriga nisbatan ishonch bor.

Endi nafaqat Shomurodov, balki Husanov kabi yosh iste’dodlar ham butun dunyoda tanilib bormoqda. Ular orqali O‘zbekistonning futbol salohiyati yanada yuksalishi shubhasiz.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodov: Yevropa endi Husanov haqida gapirmoqda