
Yaqin Sharqdagi siyosiy va harbiy keskinlik futbol olamiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Xususan, Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaro ortidan FIFA tomonidan Isroil klublarida to‘p surayotgan legionerlarga juda muhim qaror chiqarilishi mumkin.
Euro-Football va The One manbalari xabar berishicha, Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) Isroilda to‘p surayotgan chet ellik futbolchilarga hech qanday kompensatsiyasiz klubni tark etishga ruxsat berish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Agar qaror rasman qabul qilinsa, futbolchilar shartnomani bir tomonlama bekor qilib, xavfsizligini ta’minlash maqsadida mamlakatni tark etishlari mumkin bo‘ladi.
Bu masalada allaqachon amaliy holatlar kuzatilmoqda. Isroilning Beer-Sheva shahridagi “Hapoel” klubi safida harakat qilgan portugaliyalik yarim himoyachi Yuri Medeyrush klubni tark etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqadagi xavfli vaziyat uning shaxsiy xavfsizligiga tahdid solmoqda va bu uni ketish qarorini qabul qilishga majbur qilgan.
Xuddi shunday holat “Hapoel Haifa” klubida ham ro‘y berdi. Klub bilan shartnoma tuzgan yana bir portugal futbolchisi — Robinyu Isroilga uchib kelmaslikka qaror qildi va jamoaga umuman qo‘shilmadi.
Aslida FIFA bundan avval ham shunga o‘xshash qarorlar qabul qilgan. 2022 yilda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush boshlanganida, FIFA Rossiya klublarida to‘p surayotgan legionerlarga ham shunday imtiyoz bergan edi. Ular klublar bilan shartnomalarini bir tomonlama bekor qilishlari mumkin bo‘lgan va bu holat ko‘plab futbolchilar uchun qonuniy chiqish yo‘li bo‘lgan.
Isroil klublari hozircha xalqaro musobaqalardan chetlatilmadi. Bu ularning Yevropa Chempionlar Ligasi, Yevropa Ligasi yoki Konferensiyalar Ligasida ishtirok etishiga hozircha to‘sqinlik qilmaydi. Ammo agar vaziyat yanada yomonlashsa, UEFA va FIFA tomonidan qo‘shimcha cheklovlar joriy etilishi ehtimoldan xoli emas.
Xulosa qilib aytganda, sport va siyosat yana bir bor to‘qnash kelmoqda. Urushlar, mojarolar va xavfsizlik muammolari futbolchilarni o‘yindan ko‘ra hayot haqida ko‘proq o‘ylashga majbur qilmoqda. FIFA esa bu kabi murakkab sharoitlarda sportchilarning huquqlarini himoya qilishni davom ettirmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar