date

Shomurodovdan keyin Fayzullayev ham Turkiyaga yo‘l oladimi?

Shomurodovdan keyin Fayzullayev ham Turkiyaga yo‘l oladimi?
So‘nggi kunlarda o‘zbekistonlik futbol ixlosmandlari uchun Turkiya Superligasidan kelayotgan xabarlar e’tibor markazida turibdi. Jumladan, “Istanbul Bashakshehir” klubi milliy terma jamoamizning yetakchi hujumchisi Eldor Shomurodovni o‘z tarkibiga qo‘shib olish maqsadida "Roma" bilan muzokaralar olib bormoqda.

Ma’lumotlarga qaraganda, klub vakillari Rimdagi jamoa bilan shartlarni kelishib olish arafasida. Agar hammasi muvaffaqiyatli yakun topsa, Eldor “Istanbul Bashakshehir” bilan 2028 yilgacha mo‘ljallangan shartnoma imzolaydi. Bu o‘zbekistonlik yulduzning Turkiyadagi faoliyati uchun yangi sahifa bo‘lishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, turkiyalik taniqli jurnalist Ertan Suzgun yana bir qiziqarli ma’lumotni oshkor qildi. Uning ta’kidlashicha, “Istanbul Bashakshehir” jamoasi yana bir o‘zbekistonlik futbolchi — yarim himoyachi Abbosbek Fayzullayevni transfer qilish bo‘yicha muhim bosqichga yetib kelgan.

Avvalroq, shu jurnalist “Istanbul” klubi Rossiyaning SSKA jamoasiga rasman murojaat qilganini ma’lum qilgan edi. Endi esa muzokaralar salohiyatli yakun topishi ehtimoli ortib bormoqda. Hozircha Fayzullayevga taklif etilayotgan shartnoma muddati haqida rasmiy ma’lumot yo‘q, ammo ishonchli manbalar bu kelishuv juda jiddiy tus olganini ta’kidlashmoqda.

Ma’lumki, Abbosbek Fayzullayev bugungi kunda Rossiya Premer-ligasining yetakchi jamoalaridan biri – SSKA safida muvaffaqiyatli o‘yin ko‘rsatmoqda. Uning amaldagi shartnomasi 2026 yilning yozigacha amal qiladi. Germaniyaning Transfermarkt portali ma’lumotiga ko‘ra, Fayzullayevning bozor qiymati 8 million yevroga baholanmoqda.

Uning texnik mahorati, universal o‘yin uslubi va maydondagi aql bilan harakat qilishi nafaqat SSKA, balki boshqa klublar murabbiylarining ham e’tiborini tortgan.

Agar ushbu transfer amalga oshsa, Abbosbek Fayzullayev uchun Turkiya Superligasi yangi sinov maydoniga aylanadi. Bu ligadagi o‘yin sur’ati va muxlislar bosimi futbolchiga yangi tajribalar olib kelishi shubhasiz. Shu bilan birga, u Eldor Shomurodov bilan bir jamoada harakat qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas.

O‘z navbatida, “Istanbul Bashakshehir” klubining o‘zbekistonlik futbolchilarga bo‘lgan qiziqishi va ishonchi, yurtimiz futbolchilariga bo‘lgan e’tirofning yana bir isboti hisoblanadi.

Zamin.uz tahririyati mazkur transfer jarayonini diqqat bilan kuzatishda davom etadi. Yaqin kunlarda rasmiy tasdiqlar bo‘lishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodovdan keyin Fayzullayev ham Turkiyaga yo‘l oladimi?