date

Eldor Shomurodov atrofida jiddiy savdo: Turkiya va Fransiyadan jiddiy qiziqish

Eldor Shomurodov atrofida jiddiy savdo: Turkiya va Fransiyadan jiddiy qiziqish
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va hujumdagi asosiy kuchi Eldor Shomurodov yozgi transfer bozorining eng ko‘p muhokama qilinayotgan futbolchilaridan biriga aylandi. Yevropa futbolida to‘rt yilga yaqin faoliyat olib borayotgan legionerimizning kelajagi bugungi kunda Italiyadan tashqari Turkiya va Fransiyada ham qizg‘in muhokama markaziga aylangan.

Ma’lumki, “Roma” klubi moliyaviy feyr-pley talablarini bajarishi uchun 30 iyunga qadar kamida 10 million yevro daromad topishi shart. Shu sababli rimliklar ba’zi futbolchilarni transferga qo‘ygan. Mana shu ro‘yxatda o‘zbek hujumchisi Eldor Shomurodovning nomi birinchi o‘rinlarda turibdi. Chunki so‘nggi haftalarda unga bir vaqtning o‘zida bir necha chempionatdan rasmiy takliflar kelib tushgan.

Avvalroq, AQSH klublari Shomurodov bilan qiziqqani haqida xabarlar tarqalgan edi, ammo bu takliflar hozirga kelib pasaygan. Endilikda esa Turkiyaning “Bashakshehir” jamoasi 29 yoshli hujumchi uchun “Roma”ga 7 million yevro taklif etgani ma’lum bo‘ldi. Muzokaralar jarayonida Fransiyaning “Renn” klubi ham ishga aralashdi va taklifni yana bir million yevroga oshirdi.

Nufuzli italiyalik manbalar, xususan Gazzetta dello Sport va siamolaroma.it xabarlariga ko‘ra, aynan Eldor “Roma”ga 10 million yevrolik to‘lov olib kelishi mumkin bo‘lgan asosiy nomzod hisoblanmoqda. Ayni paytda, klubning yangi sport direktori Federiko Massara “Renn” bilan aloqalarni faol davom ettirmoqda. Fransuzlar yaqinda Enso Le Feni transfer qilganidan so‘ng, Shomurodov uchun ham jiddiy muzokaralar boshladi.

Rimliklar Eldorni 10 million yevroga baholamoqda. Ammo agar vaziyat talab qilsa, bu summani biroz pasaytirishlari mumkin. Bir so‘z bilan aytganda, o‘zbek forvardining transferi “Roma” uchun mavsum boshidagi eng muhim savdo kalitiga aylangan. Eldor Shomurodov uchun Turkiya va Fransiya klublari o‘rtasidagi raqobat klubning moliyaviy muammosini yechishda hal qiluvchi omil bo‘lib qolishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov 2020 yildan buyon Italiyada faoliyat olib bormoqda. Avval “Jenoa”da, so‘ng “Roma”da o‘ynadi. “Spetsiya” va “Kalyari”da ijarada to‘p tepdi. Yakunlangan mavsumda “Roma” bilan shartnomasini 2027 yilning o‘rtasigacha uzaytirgan Eldor bugungi kunda Transfermarkt portali bahosi bo‘yicha 5 million yevroga tenglashgan. So‘nggi yillar mobaynida Yevropa miqyosida o‘zini ko‘rsata olgan futbolchimiz uchun bu yoz faol transfer muzokaralari bilan tarixga kiradi, deyish mumkin.

O‘zbekiston termasining yetakchisi qanday qaror qabul qiladi va uning kelajagi qaysi chempionatda davom etishi — bu savollarga yaqin kunlarda javob topiladi. Yaqinlashib kelayotgan yangi mavsum Eldor uchun yangi qadam, yangi imkoniyat bo‘lishi aniq.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodov atrofida jiddiy savdo: Turkiya va Fransiyadan jiddiy qiziqish