
Argentina terma jamoasining afsonaviy hujumchisi, futbol olami yulduzi Lionel Messi hozirda AQSHning “Inter Mayami” klubi safida to‘p surmoqda. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2025 yilning 31 dekabrigacha amal qiladi. Ammo kelishuv yangilanish yoki uzaytirish masalasida hozircha yakuniy qaror qabul qilingani yo‘q. Bu esa, o‘z navbatida, bir qator elit jamoalarga Messini qo‘lga kiritish umidini berayotgani, transfer bozorida yangi qiziqish uyg‘otgani sir emas.
Ayniqsa, AQSHda klublar o‘rtasidagi jahon chempionati bo‘lib o‘tayotgan bir paytda, Saudiya Arabistonining nufuzli “Al-Hilol” klubi rahbariyati bu imkoniyatdan unumli foydalanishni maqsad qilgan. Mazkur klub prezidenti Fahd bin Navfal shu kunlarda Messining otasi Xorxe Messi va futbolchining agentlari bilan alohida uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar davomida Lionel Messining “Al-Hilol”ga o‘tishi, shartlar va taklif etiladigan shartnoma bandlari muhokama qilindi.
Ma’lumotlarga qaraganda, Saudiya klubi Messini bu yozda o‘z saflariga qo‘shib olishga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. Shuningdek, muzokaralar ijobiy ruhda, ikki tomon uchun ham qiziqarli takliflar asosida olib borilayotgani qayd etilmoqda. Saudiyadagi shayxlar Messining transferi orqali nafaqat klubning futbol salohiyatini, balki mamlakat futbolining nufuzini ham jahon miqyosida yanada ko‘tarishni maqsad qilgan.
Ayni paytda, “Inter Mayami” ham o‘z yulduzi bilan hamkorlikni saqlab qolish istagida. Ammo Messining kelajagi hali to‘liq aniqlik kasb etmagani uchun, muxlislar va futbol jamoatchiligi ushbu transfer rivojini qiziqish bilan kuzatmoqda.
Zamin.uz tahririyatidan:
Lionel Messining navbatdagi manzili qaysi klub bo‘lishi, uning yangi chaqiriqlarga tayyorligi va Amerika hamda Saudiya futboli o‘rtasidagi transfer raqslari butun futbol dunyosi e’tiborida. Yana bir necha hafta ichida Messi atrofidagi vaziyat aniqlashib, muxlislar yangi sensatsiyaga guvoh bo‘lishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar