date

"Lokomotiv"da shok o‘zgarish: butun murabbiylar shtabi ketdi

"Lokomotiv"da shok o‘zgarish: butun murabbiylar shtabi ketdi
Nukusdagi so‘nggi mag‘lubiyatdan so‘ng Toshkentning “Lokomotiv” jamoasida katta o‘zgarish yuz berdi. Pro liga 10-turida “Aral”ga qarshi kechgan safar uchrashuvida 2:0 hisobida yutqazgan “temiryo‘lchilar”da murabbiylar shtabi bilan yo‘llar rasman ajralib ketdi, deb xabar berdi klub matbuot xizmati.

Klub rasmiy bayonotida qayd etilishicha, Pro liga ikkinchi davra yakunlanishi munosabati bilan jamoa rahbariyati dastlabki ikki davra natijalarini tahlil qilgan. Ushbu tahlillar natijasida murabbiylar shtabi bilan hamkorlikni tugatish haqida qaror qabul qilingan.

Shu paytgacha jamoani boshqarib kelgan bosh murabbiy Grigoriy Kolosovskiy, murabbiy Samvel Babayan, yordamchi murabbiy Denis Toymensov hamda darvozabonlar murabbiyi Pavel Sinelnikov bilan tuzilgan shartnomalar bekor qilindi. Bu qaror klubning umumiy natijalaridan kelib chiqqan holda qabul qilingan.

Ma’lumot uchun, “Lokomotiv” Pro liga doirasida 10 ta uchrashuv o‘tkazib, ularning 6 tasida g‘alaba qozongan, 2 bor durang qayd etgan va 2 marta mag‘lub bo‘lgan. Aynan “Olimpik Mobiuz”ga Toshkentdagi mag‘lubiyat va Nukusda “Aral”dan qabul qilingan yutqazish, shuningdek, “FarDU” hamda “Jayxun”ga qarshi durang natijalari rahbariyatni jiddiy o‘yga soldi.

Bundan tashqari, jamoaning O‘zbekiston Kubogida guruh bosqichidan chiqolmagani ham murabbiylar taqdiriga ta’sir etgan asosiy omillardan biri sifatida ko‘rsatildi. Chunki kubok musobaqasida kutilgan natija amalga oshmadi va jamoa muxlislar umidini oqlamadi.

Klub rahbariyati murabbiylar shtabiga ko‘rsatgan xizmatlari uchun minnatdorchilik bildirgan holda, ularning kelgusidagi faoliyatiga omad va muvaffaqiyat tilagan.

Endi barcha e’tibor “Lokomotiv”ning yangi bosh murabbiyi kim bo‘lishi masalasiga qaratilayotganini aytish joiz. Jamoaning keyingi bosqichlarda qanday yo‘l tutishi va qay tarzda qayta tiklanishi futbol jamoatchiligi tomonidan qiziqish bilan kuzatilmoqda.

"Temiryo‘lchilar" uchun muhim palla boshlandi — yangi rahbariyat, yangi strategiya va, ehtimol, yangi ruh. Jamoa muxlislari esa umid bilan keyingi xabarlarni kutmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Lokomotiv"da shok o‘zgarish: butun murabbiylar shtabi ketdi