
Yevropa va jahon futbolida betakror iz qoldirgan mutaxassis Yurgen Klopp hayotining yangi sahifasini boshladi. Uning "Welt" nashriga bergan intervyusida aytgan so‘zlari ko‘plab ishqibozlar va ekspertlar uchun hayratli bo‘ldi — Klopp yaqin yillarda murabbiylikka qaytishni umuman istamayotganini ochiq aytdi.
"Yaqinda kimdir menga: 'Yaqin orada yana murabbiy bo‘lasan', dedi. Lekin ichki tuyg‘ularim buni inkor etadi", — deya ta’kidladi sobiq "Liverpul" bosh murabbiyi. Uning aytishicha, bu qaror ortida shunchaki charchoq yoki to‘satdan yuzaga kelgan kayfiyat emas, balki hayotiy ustuvorliklar o‘zgargani yotadi.
Klopp “Liverpul”dagi davrini ajoyib deb baholaydi va u yerdagi xotiralar faqat iliq tuyg‘ular qoldirganini alohida urg‘ulaydi. “Men hech narsani sog‘inmayapman. Murabbiylikni yaxshi ko‘rardim, lekin bu men uchun hayotiy ehtiyoj emas edi”, — deydi mutaxassis. Uning so‘zlaridan anglashiladiki, futbol dunyosidagi katta bosim, cheksiz intizom va ruhiy charchoq hamda ishdagi qiyin qarorlar uni hayotga va vaqtga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirgan.
Ayni paytda Yurgen Klopp “Red Bull” kompaniyasida futbol bo‘yicha rahbar sifatida yangi vazifada faoliyat yuritmoqda. Bu esa unga ish va shaxsiy hayot o‘rtasida muvozanat saqlash, yangi tajriba to‘plash va hayotdan zavq olish imkonini beryapti.
Kloppning bu qarorini ko‘pchilik tushunishi mumkin — u 20 yildan ziyod murabbiylik faoliyatida turli bosqichlarni bosib o‘tdi, “Mayns”, “Borussiya Dortmund” va “Liverpul” klublarida ulkan yutuqlarga erishdi. Ammo endi u o‘zini boshqa rolda, kamtar va hayotiy yondoshuv bilan sinab ko‘rishni ma’qul ko‘ryapti.
Klopp haqidagi bu yangilik muxlislar uchun biroz afsusli tuyulishi mumkin. Lekin, shu bilan birga, uning so‘zlari hayotda har bir inson uchun tinchlik va ichki qoniqish qanchalik muhim ekanini eslatib qo‘yadi. Balki bu – kelajakda yana yangi muvaffaqiyatlarga yo‘l ochuvchi tanaffusdir.
Yaqin yillarda Kloppni yana katta futbolda ko‘rish mumkinmi yoki u umuman boshqa yo‘nalishda qoladimi — bu savolga vaqt javob beradi. Ammo bir narsa aniq: Yurgen Klopp futboldagi o‘z so‘zini aytib bo‘lgan, endi esa hayotning boshqa yo‘nalishlarida o‘zini topyapti. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar