
Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatining hal qiluvchi bosqichlari tobora qizg‘in tus olayotgan bir paytda, PSJ bosh murabbiyi Luis Enrike “Inter Mayami”ga qarshi kechadigan 1/8 final bahsi oldidan jurnalistlarga o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning ta’kidlashicha, bunday o‘yinlarda har bir daqiqa, har bir harakat — taqdirni hal qilishi mumkin.
– Futbolda atigi 10 soniyali loqaydlik yetarli — raqib javob qaytarishga ulguradi. Biz “Inter Mayami”ni hech qanday holatda kamsitmayapmiz. Ular guruh bosqichidagi uch o‘yinda ham o‘z salohiyatini ko‘rsatdi. Ayniqsa, Messi, Buskets, Alba — ularning maydondagi tajribalari va o‘zaro tushunuvi har bir epizodda o‘zini sezdiradi, – dedi mutaxassis.
Luis Enrike raqibga qarshi qo‘llaniladigan taktik bosim va to‘p nazorati o‘yin taqdirini hal qiluvchi muhim jihatlardan biri ekanini urg‘uladi.
– Agarda biz to‘pni tezda qaytara olmasak, ular bizni qiyin holatga solishadi. Busketsning paslari, Messining pozitsion harakatlari va Jordi Albaning qanotdagi yurishlari har daqiqada xavf keltiradi. Ularni faqatgina yuqori bosimda va intizomli o‘yinda to‘xtatish mumkin, – deya ta’kidladi u.
Shuningdek, Enrike “Inter Mayami”ni boshqarayotgan Xaver Maskerano haqida ham ijobiy fikr bildirdi:
– U yosh murabbiy bo‘lishiga qaramay, jamoani juda oqilona boshqarmoqda. Agar biz o‘z darajamizni ushlab turmasak, ular bizga muammo tug‘dirishi mumkin, – dedi PSJ murabbiyi.
Eslatib o‘tamiz, PSJ va “Inter Mayami” o‘rtasidagi uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 21:00da start oladi. Jahon yulduzlariga to‘la bu to‘qnashuv muxlislar uchun katta kutilmalarga boy kechishi kutilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar