
Futbol olamidagi eng taniqli yulduzlardan biri — Krishtianu Ronaldu o‘zining faoliyatini yana ikki yilga uzaytirishga qaror qildi. U Saudiya Arabistonining "An-Nasr" klubi bilan shartnomasini 2027 yilgacha davom ettiradigan bo‘ldi.
40 yoshni qarshi olgan bo‘lishiga qaramay, portugaliyalik hujumchi hali ham maydonda faol harakat qilib, g‘alabalar sari intilishda davom etmoqda. Uning so‘zlariga qaraganda, qaror ortidagi sabablar faqat futbol bilan chegaralanmaydi.
"Men faqat o‘ynab qolmay, Saudiya futboli va mamlakatning rivojiga hissa qo‘shmoqchiman. Muxlislar menga mehr ko‘rsatmoqda — men ham ularni yaxshi ko‘raman. Shuncha yildan keyin hali ham mehr va qo‘llab-quvvatlashni his etish men uchun juda muhim", — deya ta’kidladi Ronaldu.
U shuningdek, "An-Nasr" bilan faqat Saudiya chempioni Kuboginigina emas, balki undan ham yuqori darajadagi mukofotlar uchun kurashishni maqsad qilganini qo‘shimcha qildi.
"Bizda katta maqsadlar bor. Men jamoam bilan yangi zafarlar sari intilaman. Qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman. Kuchli raqiblarga qarshi maydonga tushish menga motivatsiya beradi", — dedi u.
Ma’lumki, Krishtianu Ronaldu nafaqat "An-Nasr"ning, balki butun Saudiya Pro-ligasining yuziga aylangan. Uning transferi orqali mamlakat futboliga bo‘lgan qiziqish ortib, ko‘plab mashhur futbolchilar ham Saudiyaga yo‘l oldi.
Uning qolishi nafaqat klub, balki butun liga uchun ijobiy yangilik. Bu bilan Saudiya Arabistonining futboldagi nufuzi yanada mustahkamlanishi kutilmoqda. Ronaldu esa o‘zining so‘nggi yillarini nafaqat yuqori saviyada o‘tkazish, balki futbolga ta’sir ko‘rsatish orqali tarixda yana bir bor iz qoldirishga harakat qilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar