
"Barselona" klubi jonkuyarlari kutgan transferda kutilmagan to‘siq yuzaga keldi. Kataloniya grandining Niko Uilyamsni o‘z tarkibiga qo‘shish bo‘yicha olib borayotgan muzokaralari so‘nggi kunlarda to‘liq to‘xtab qoldi. Bu holat klub rahbariyatida jiddiy tashvish va norozilikka sabab bo‘lmoqda, deb yozadi Mundo Deportivo nashri.
Ma’lum bo‘lishicha, "Barsa" va "Atletik"ning yosh qanot hujumchisi o‘rtasida avval og‘zaki kelishuvga erishilgan. Futbolchi bilan 6 yillik shartnoma va qoniqarli maosh masalalari bo‘yicha pozitsiyalar muvofiqlashtirilgandi. Hatto, ikki tomon o‘tgan yildagi kelishuv shakliga qaytishgan. Ammo ushbu kelishuv rasmiy hujjatlarga aylantirilayotgan paytda muzokaralar to‘xtagan.
Muhim hafta deb baholangan ushbu vaqt ichida kelishuvga nuqta qo‘yilishi kerak edi. Biroq Niko Uilyams tomonidan La Ligada ro‘yxatdan o‘tishga doir kafolatlar bo‘yicha yangi va murakkab talablar qo‘yilgan. Aniq qilib aytilsa, u klubdan feyr-pley qoidalari asosida o‘z nomini rasmiy ro‘yxatga kiritish bo‘yicha yozma kafolat talab qilmoqda. Bu talabni “Barselona” rahbariyati ayni paytda amalga oshira olmayapti.
Niko Uilyamsning pozitsiyasi, o‘z navbatida, klubning transferga bo‘lgan ishonchini so‘ndirayotganini ta’kidlash kerak. Kataloniyaliklar ushbu futbolchini terma jamoadagi muvaffaqiyatli o‘yinlari tufayli jamoaga katta umid bilan jalb etmoqchi edilar.
Shuningdek, "Atletik" klubining futbolchini ushbu yozda qo‘yib yuborishga tayyor emasligi ham vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda. Unga "Bavariya" tomonidan ham qiziqish borligi haqida ma’lumotlar tarqalgan.
“Barselona” hozircha transferdan rasman voz kechmagan, biroq so‘nggi muzokaralar klubda optimizmni kamaytirgani aniq. Agar kelgusi kunlarda ham kelishuvga erishilmasa, Niko Uilyams "Kamp Nou"ga ko‘chib o‘tish orzusidan voz kechishi mumkin. Kataloniya klubi esa yana bir yosh yulduzni qo‘ldan boy beradi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar