date

Gvardiol: Husanov va Reys “Manchester Siti” himoyasiga yangi hayot bag‘ishlamoqda

Gvardiol: Husanov va Reys “Manchester Siti” himoyasiga yangi hayot bag‘ishlamoqda
“Manchester Siti” faoliyatini doim yoritib boradigan mashhur manbalardan biri — cityxtra.co.uk veb-portali jamoa sardorlaridan Yoshko Gvardiolning yosh jamoadoshlari — Abduqodir Husanov va Vitor Reys haqidagi so‘zlarini e’lon qildi.

Yoshko Gvardiol Xosep Gvardiola tuzgan jamoaning himoya qatlamini ancha mustahkamlagan “Manchester Siti”ning yosh markaziy himoyachilari Abduqodir Husanov va Vitor Reys iqtidorini baland baholadi.

Bu ikki futbolchi jamoaga 2024-2025 yilgi mavsumning qaynoq nuqtasida — ko‘plab jarohatlar “Manchester Siti” himoya qatlamini izdan chiqargan va Gvardiolani murabbiylik yo‘lida o‘ta murakkab sharoitga olib kelgan eng og‘ir vaqtda shoshilinch ravishda olib kelingan edi.

2023 yili “Leypsig”dan xarid qilingan Yoshko Gvardiol esa, “Manchester Siti”ning o‘tgan mavsumida eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. Biroq “Manchester Siti” bu safar Angliya Premer-ligasida qatorasiga to‘rt yil qo‘lga kiritilgan g‘alabani takrorlay olmadi va 71 ochko bilan faqat uchinchi o‘rinni egalladi.

“Shaharliklar” Yevropa Chempionlar ligasidagi ishtirokini 1/8 finalda yakunladi. Angliya kubogi finalida esa “Kristal Pelas”ga mag‘lub bo‘lib, sovrinsiz qoldi.

Shunga qaramay, klub mamlakat va Yevropa miqyosidagi raqobatdosh jamoalarga munosib to‘siq bo‘lish uchun yanvardan buyon 300 million funt sarflab, sakkiz nafar yangi o‘yinchini tarkibga qo‘shib oldi. Bu kelayotgan mavsumda har bir musobaqada bosh sovrin uchun kurashni maqsad qilgan strategiya edi.

Gvardioldan 2024-2025 yilgi mavsumda ko‘proq chap qanot himoyasida foydalanishdi, lekin chempionat ikkinchi qismida unga Ruben Diash bilan himoya markazini ham topshirishdi. Natijada, jamoada bu pozitsiyada kurash ancha kuchaydi.

Husanov va Reys Gvardiolaning rejasida kelasi mavsum uchun ham qolishadi. 21 va 19 yoshli yosh markaziy himoyachilar asta-sekin “Manchester Siti”ning yoshi o‘tib borayotgan himoya liniyasiga yangi ruh, yangi havo olib kelgani ta’kidlandi.

Endi esa ikki yil avval klubga kelgan 23 yoshli Gvardiol ham o‘zini jamoadagi faxriylar qatorida his qilmoqda.
"Men o‘zimni qariyadek his qilayapman. 23 yoshdaman, jamoamizda Husanov va Reys singari yoshlarning borligi juda xursand qiladi. Ularga qarab, o‘zimni ancha katta qilib sezaman.

Qanday qilib katta futbolchilar menga yordam berishgan bo‘lsa, men ham ularga yordam berishga tayyorman. Ular bilan birga ekanimdan mamnunman.

Ikkalasi ham vazifalarini a’lo darajada bajarishyapti, hali yosh bo‘lishsa-da, men Husanov va Reysning kelajagi yorug‘ ekaniga ishonaman", — dedi Yoshko Gvardiol.

“Manchester Siti” avgustda yangi mavsumni boshlashga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda, markaziy himoyachilardan kimdir jamoani tark etishi kutilmoqda. Ayniqsa, yoshi kattaroq bo‘lgan Jon Stounzning amaldagi shartnomasi yakunlanishi arafasida bu masala alohida dolzarblik kasb etadi, — deb yozadi cityxtra.co.uk tahlilchisi Vayam Laxoti.

Eslatib o‘tamiz, “Manchester Siti” yangi mavsumdagi ilk o‘yinini 16 avgust kuni mehmonda “Vulverxempton”ga qarshi o‘tkazadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Gvardiol: Husanov va Reys “Manchester Siti” himoyasiga yangi hayot bag‘ishlamoqda