
Koreya Respublikasining Muju shahrida o‘tayotgan nufuzli “WT Diamond Games” taekvondo musobaqasining ikkinchi kuni ham o‘zbekistonlik sportchilar uchun quvonchli natijalar bilan yakunlandi, deb xabar berdi MOQ. Bu gal mikst dasturida ham terma jamoamiz yangi medallar seriyasiga ega chiqdi.
Asosiy tarkibdagi Diyorbek To‘xliboyev, Shuhrat Salayev, Shabbona Abduvaliyeva va Svetlana Osipova saralash bosqichlarida Indoneziya va Mo‘g‘uliston terma jamoalarini mag‘lub etishdi. Finalda esa Qozog‘iston terma jamoasiga qarshi qizg‘in va murakkab bahsda ustunlikka erishib, oltin medalga sazovor bo‘lishdi. Bu g‘alaba terma jamoamizning musobaqadagi munosib ishtiroki va jiddiy tayyorgarligidan dalolat beradi.
Ikkinchi jamoa — Ozodbek Mamadaliyev, Yodgor Jo‘raboyev, Sevinch Haydarova va Ozoda Sobirjonova esa Singapur va Koreya Respublikasi terma jamoalarini mag‘lub etib, yarim finalda Qozog‘istonga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa-da, uchinchi o‘rin uchun bellashuvda Marokash ustidan ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritishdi va bronza medaliga ega bo‘lishdi.
Shu tariqa, musobaqaning ikkinchi kuni yakuniga ko‘ra yurtimiz terma jamoasi hisobida 2 ta oltin va 1 ta bronza medali bor. Ertangi yakkalik bahslarda g‘olib va sovrindorlar aniqlanishi kutilmoqda. Mutaxassislar fikricha, o‘zbekistonlik taekvondochilarning ushbu musobaqadagi harakatlari nafaqat sport, balki mamlakat imidji uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Har bir g‘alaba ortida terma jamoaning o‘z ustida qat’iy mehnati, doimiy mashg‘ulot va yuksak maqsadga ishonch turibdi. Tomoshabinlar va sport jamoatchiligi esa o‘zbekistonlik taekvondochilarning kelgusi muvaffaqiyatlarini ham umid bilan kutmoqda. Vaqt ko‘rsatadi: musobaqaning yakuniy natijalari qanday bo‘ladi va terma jamoamiz medallar sonini yanada oshira oladimi? “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar