date

“Vulverxempton” Diogu Jota uchun shon-sharaf zalidan joy ajratdi...

“Vulverxempton” Diogu Jota uchun shon-sharaf zalidan joy ajratdi...
Angliyaning mashhur “Vulverxempton” klubi o‘z tarixida muhim sahifa ochdi: jamoa Diogu Jotani klub sharaf zaliga kiritdi, deb xabar berdi wolves.co.uk. Bu qaror uning “Vulvs” safidagi ajoyib faoliyati, insonparvarligi va hayotdan kutilmagan holda uzilishi butun futbol dunyosiga ta’sir etgani e’tiborga olingan holda yakdillik bilan qabul qilindi.

Klub rahbariyati ta’kidlashicha, sharaf zaliga kiritilish odatda uzoq muhokamalardan so‘ng hal qilinishiga qaramay, bu gal barcha mutasaddilar bir ovozdan qarorga keldi. “Bu juda ta’sirli va ehtiromga sazovor qadam bo‘ldi. Diogu nafaqat maydonda yorqin o‘yin ko‘rsatgan futbolchi, balki jamoa ichida ham samimiy, kamtar va fidokor inson sifatida e’tirof etilgan edi. Uning yo‘qligi barchamiz uchun og‘ir bo‘ladi. U qoldirgan meros klub tarixidan mustahkam o‘rin egallaydi”, — dedi klubning futbol operatsiyalari va ma’muriyat bo‘yicha direktori Mett Uayld.

Diogu Jota 2017–2020 yillar davomida “Vulverxempton” tarkibida to‘p surib, o‘zining gollari, assist va fidoyiligi bilan muxlislar qalbidan alohida joy egallagan. Uning jamoa tarixida qoldirgan merosi va ta’siri klub sharaf zaliga kiritilishga asosiy sabab bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, “Vulverxempton” sharaf zali 2008 yilda tashkil etilgan bo‘lib, unda shu vaqtgacha 38 nafar futbolchi o‘rin olgan. Jota esa ushbu taniqli ro‘yxatga qo‘shilgan eng so‘nggi va eng munosib nomlardan biri bo‘ldi.

Klub va muxlislar bu qarorni hurmat va minnatdorlik bilan qarshi oldi. Jota qoldirgan iz va yorqin xotiralar “Vulverxempton” tarixida abadiy saqlanishi shubhasiz.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Vulverxempton” Diogu Jota uchun shon-sharaf zalidan joy ajratdi...