date

"Galatasaroy" tarixiy transfer bilan Turkiyani larzaga soldi

"Galatasaroy" tarixiy transfer bilan Turkiyani larzaga soldi

Istanbulning yetakchi klubi "Galatasaroy" bu yozgi transfer bozorida eng shov-shuvli va tarixiy bitimlardan birini amalga oshirdi. Jamoa Italiyaning “Napoli” klubidan nigeriyalik taniqli hujumchi Viktor Osimxenni 75 million yevro miqdoridagi rekord summa evaziga o‘z safiga qo‘shib oldi.

Mazkur kelishuv Turkiya futbol tarixi uchun o‘ziga xos voqea sifatida qayd etildi. Avvalroq bu mamlakatdagi eng yirik transfer sifatida “Fenerbahche”ning En-Nesirini 19,5 million yevroga xarid qilishi e’tirof etilgan edi. Endi esa "Galatasaroy" bu ko‘rsatkichni mutlaq rekordga aylantirdi.

Shuni ta’kidlash joizki, Viktor Osimxen o‘tgan mavsumni aynan “Galatasaroy” safida ijara asosida o‘tkazgan va o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsata olgan edi. U 41 ta rasmiy uchrashuvda ishtirok etgan bo‘lib, raqib darvozalarini 37 marotaba ishg‘ol qilgan va 8 ta aniq golli uzatma bilan jamoadoshlarini ham qo‘llab-quvvatlagan.

Klubning rasmiy ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Osimxen bilan tuzilgan shartnoma 2029 yilga qadar amal qiladi. Uning to‘liq transferini e’lon qilgan “Galatasaroy” bu orqali nafaqat o‘z safini mustahkamladi, balki Yevropa miqyosidagi jiddiy maqsadlarini ham yana bir bor namoyon qildi.

Futbol muxlislari ushbu transferdan katta taassurotda qolishdi. Ijtimoiy tarmoqlarda futbolchiga bo‘lgan e’tibor yanada ortib bormoqda. Ko‘plab mutaxassislar va ekspertlar Osimxenning kelgusi mavsumda ham “Galatasaroy” tarkibida yuqori darajada o‘ynashini va jamoaga chempionlik yo‘lida katta hissa qo‘shishini kutmoqdalar.

Turkiya futbolidagi bu kabi tarixiy transferlar mahalliy chempionatning nufuzini oshirishga, unga xalqaro e’tiborni qaratishga xizmat qilishi shubhasiz. “Galatasaroy” esa yangi mavsumga jiddiy maqsadlar bilan kirib kelmoqda va Osimxen bilan erishilgan kelishuv bu rejalarning muhim qadamlaridan biri bo‘lishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Galatasaroy" tarixiy transfer bilan Turkiyani larzaga soldi