29 iyuldan 1 avgustgacha dunyo shaxmat muxlislari diqqati Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan “Esports World Cup Chess” musobaqasiga qaratildi. Jami 1 550 000 AQSH dollari mukofot puliga ega ushbu nufuzli turnir elektron sport va an’anaviy shaxmatni birlashtirgan holda, tomoshabop va innovatsion formatda o‘tdi.
Turnir finalida norvegiyalik tengsiz grossmeyster Magnus Karlsen fransiyalik yosh va iqtidorli raqibi Alireza Firuzjaga qarshi to‘qnash keldi. Karlsen har ikki setda 3:1, 3:1 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi va chempionlikni qo‘lga kiritdi.
Bronza medali uchun kechgan bellashuvda esa amerikalik tajribali shaxmatchi Hikaru Nakamura hindistonlik Arjun Erigayini 5:3, 5:2 hisoblarida mag‘lub etib, musobaqani uchinchi o‘rin bilan yakunladi.
G‘alabadan so‘ng Magnus Karlsen jurnalistlar bilan bo‘lgan suhbatda musobaqa haqida o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi:
— O‘yinimdan roziman. Bu kabi formatda doim muayyan muvozanatni topishga to‘g‘ri keladi: bir vaqtning o‘zida ham tez, ham aniq o‘ynash mushkul. Shu bois, tezkor, biroq sifati yuqori bo‘lgan yurishlarni amalga oshirishga harakat qildim — va bu taktikam o‘zini oqladi.
Karlsen, shuningdek, bu musobaqa orqali shaxmatni ilgari kuzatmagan yangi auditoriya bilan muloqotga kirishganini mamnuniyat bilan ta’kidladi:
— Bu men uchun yangi muxlislar qatlami. “Esports World Cup”ni kuzatayotgan ko‘pchilik ilgari shaxmat bilan qiziqmagan bo‘lishi mumkin. Shunday bir platformada eng kuchlilar safida ekanimni yana bir karra isbotlash men uchun g‘urur. Turnirni kibersport shousiga aylantirgan tashkilotchilar va butun jamoaga minnatdorchilik bildiraman. Bu oddiy shaxmat musobaqasi emas, balki kibersportga xos dinamikaga ega jahon chempionati bo‘ldi. Biz shaxmatning bu shakli qay darajada jozibali bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdik, deb o‘ylayman. Men bu formatda ham o‘zimni ko‘rsata olganimdan xursandman.
Aytish joizki, musobaqada o‘zbekistonlik yosh yulduzlar ham ishtirok etdi. Javohir Sindarov guruh bosqichida o‘z yurishini yakunlagan bo‘lsa, Nodirbek Abdusattorov chorak finalgacha yetib bordi va aynan keyingi finalchi — Alireza Firuzjaga qarshi bellashuvda musobaqani tark etdi.
“Esports World Cup Chess” nafaqat mukofot jamg‘armasi, balki shaxmatning kelajakda qanday ko‘rinishda bo‘lishi mumkinligini namoyon etgan loyiha sifatida ham esda qoldi. Karlsenning zafari esa bu yangicha yondashuvda ham uning tengsiz ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Karlsen kibershaxmat shouda zafar quchdi va yangi auditoriyani rom etdi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar