Angliya Premer-ligasining yangi mavsumi ostonasida jadal va puxta tayyorgarlik ishlarini olib borayotgan “Manchester Siti” klubi kutilmagan qaror qabul qildi. Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidan so‘ng, “shaharliklar” faqatgina Italiyaning “Palermo” jamoasi bilan birgina o‘rtoqlik bahsini o‘tkazish bilan cheklanishga qaror qildi. Bu xabar muxlislar orasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Jamoa bosh murabbiyi, dunyo futbolidagi eng nufuzli mutaxassislardan biri sanaladigan Xosep Gvardiola bu qarorning sabablarini batafsil izohlab berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yoz mavsumida jamoaning asosiy maqsadi – kuchli raqiblarga qarshi mashg‘ulotlar orqali tayyorgarlikni mustahkamlash va yangi mavsumning dastlabki o‘yinlarida maksimal darajada kuch to‘plash bo‘lgan.
— Jamoamizda kayfiyat a’lo darajada, — dedi Gvardiola. — Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati davomida ham futbolchilarimiz yuqori ruhiy holatda edilar. Biz “Vulverxempton”, “Tottenxem” va “Brayton”ga qarshi o‘tkaziladigan Premer-liganing ilk uchta rasmiy uchrashuviga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish uchun yozda ko‘plab o‘rtoqlik bahslari o‘tkazmaslikka qaror qildik.
Taniqli murabbiy ta’kidlashicha, futbolchilarga kuch yig‘ish va to‘liq tiklanish imkonini berish muhim edi. — Og‘ir mavsumdan so‘ng jismoniy va ruhiy dam olish talab etilardi. Shu bois, biz o‘yinlardan ko‘ra, yuqori intensivlikdagi mashg‘ulotlarga e’tibor qaratdik. Bu yo‘l orqali jamoa taktik jihatdan ham, jismoniy jihatdan ham yangi mavsumga tayyor bo‘ladi, — deya qo‘shimcha qildi Gvardiola.
“Manchester Siti” yangi mavsumdagi ilk rasmiy bahsini 16 avgust kuni safarda “Vulverxempton”ga qarshi o‘tkazadi. Muxlislar esa yozdagi o‘rtoqlik bahslarining kamligi jamoa o‘yiniga qanday ta’sir qilishini qiziqish bilan kutmoqda.
Gvardiola nega yozda o‘rtoqlik o‘yinlaridan voz kechdi?
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar