date

Gvardiola yangi mavsum oldidan “Siti”da katta o‘zgarishlar qiladi

Gvardiola yangi mavsum oldidan “Siti”da katta o‘zgarishlar qiladi

Angliya Premer-ligasining kutilgan va hayajonli startlaridan biri — 16 avgust kuni “Manchester Siti” safarda “Vulverxempton”ga qarshi bahs bilan yangi mavsumdagi sayohatini boshlaydi. Bu o‘yin nafaqat jamoa uchun, balki millionlab muxlislar uchun ham yangi umid va intrigaga to‘la start bo‘lishi shubhasiz.

O‘tgan mavsumdagi sinovlar, jarayondagi qiyinchiliklar va natijada yuz bergan inqiroz ortidan, “shaharliklar” safida sezilarli tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Qishki va yozgi transferlar oynasi davomida klub o‘nga yaqin yangi ijrochilar bilan shartnoma tuzib, jamoani yangi qon va yangi kuch bilan ta’minladi. Bu esa Gvardiola qo‘l ostida juda katta raqobat muhitini yuzaga keltirdi.

Ispaniyalik mahoratli murabbiy endi o‘z oldiga qiyin vazifani qo‘ygan: mavjud o‘yinchilar orasidan eng munosib va strategik jihatdan kerakli futbolchilarni saralab olish va shu orqali tarkibning mustahkam asosini shakllantirish. Bu jarayonda klub sport direktori Ugo Viana ham faol ishtirok etmoqda. U Gvardiola rejalariga kirmaydigan bir qator futbolchilar bilan xayrlashish jarayonini boshladi.

Yoshi o‘tgan va klubning yangi strategiyasiga mos kelmaydigan yulduzlardan Kevin de Bryuyne, Skott Karson hamda Kayl Uoker jamoani tark etishdi. Yosh himoyachi Vitor Reys esa tajriba orttirish maqsadida “Jirona” klubiga ijaraga berildi. Shu bilan birga, asosiy tarkibda mustahkam o‘rin egallashi qiyin bo‘lgan yana bir necha yosh ijrochilar bo‘yicha ijara muzokaralari davom etmoqda. Umuman olganda, ayrim mashhur va tajribali charm to‘p ustalari ham boshqa klublardan o‘rin izlayotgani sir emas.

Gvardiola o‘z fikrida qat’iy: jamoada o‘yinchilar soni keragidan ortiq. U o‘tgan mavsum yakunida ham ayrim shogirdlari zaxirada uzoq qolib ketganini, ularga o‘yin amaliyoti berish imkoniyati cheklanganini ochiq aytgandi. Ayni paytda “Manchester Siti”ning asosiy mashg‘ulotlarida 31 nafar futbolchi qatnashmoqda — bu esa tajribali mutaxassis uchun ortiqcha. U ixcham va jips tarkib bilan ishlash tarafdori.

— Bizga ortiqcha ko‘pchilik kerak emas. Men jamoada o‘yinchilarning to‘planib qolishini yoqtirmayman. Bir qator futbolchilar ketishi shart, — dedi Gvardiola. — Transfer bozori hali ochiq, faol va unda har kuni yangi voqealar sodir bo‘lishi mumkin. Hali oldimizda vaqt bor, qay yo‘lni tanlashimizni vaqt ko‘rsatadi. Biz imkoniyatlardan unumli foydalanib, eng to‘g‘ri yechimni topishga harakat qilamiz.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, darvozabon Shtefan Ortega, hujumkor o‘yinchilardan Jeyms MakEyti va Jek Grilish tez orada boshqa klublar safiga o‘tishi kutilmoqda. Shuningdek, yana bir necha tajribali futbolchilarga jiddiy qiziqish bildirgan xaridorlar bor.

Yozgi transferlar oynasi boshlanishidayoq Abduqodir Husanov ijaraga jo‘natilishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgandi. Biroq keyinroq Xosep Gvardiola o‘zbek markaziy himoyachisining xizmatidan yangi mavsumda foydalanish niyati borligini aniq bildirdi. Bu qarorni bir nechta nufuzli sport manbalari ham tasdiqladi.

— “Manchester Siti” 2025–2026 yilgi mavsumga kirishda bir nechta markaziy himoyachiga ega. Ruben Diash va Yoshko Gvardiol asosiy pozitsiya uchun yetakchi nomzodlar sifatida ko‘riladi. Shu qatorida Abduqodir Husanov, Jon Stounz, Natan Ake va Manuel Akanji ham bu pozitsiyada o‘ynashi mumkin. Yosh Vitor Reys esa “Jirona”ga yo‘l oldi, — deb yozdi esteemedkompany.com sayti eksperti Adam Marett.

Uning ta’kidlashicha, Jon Stounz klubdan ketmasligini aniq bayon qilgan. Shuningdek, rahbariyat Ruben Diash, Yoshko Gvardiol va Abduqodir Husanovni ham jamoada saqlab qolish niyatida. Natan Ake va Manuel Akanji kabi tajribali himoyachilarning ketishi esa bu yozda deyarli mumkin emas, chunki ularga qiziqish bildirayotgan klublar yo‘q.

Gvardiola mavsum davomida kimlarga ishonishini allaqachon belgilab olgan va shu ishonchlilar orasida Abduqodir Husanovga ham munosib imkoniyat berish niyati bor. Bu esa o‘zbek futboli uchun alohida iftixor bo‘lishi shubhasiz.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Gvardiola yangi mavsum oldidan “Siti”da katta o‘zgarishlar qiladi