Bugun "Andijon" jamoasi uchun muhim kun – Osiyo Chempionlar Ligasi 2 turniridagi raqiblar qur’a orqali ma’lum bo‘ladi. Musobaqa oldidan klub matbuot xizmati jamoaning bir nechta asosiy futbolchilaridan qisqacha fikrlar oldi va ularning kutilmalarini muxlislar bilan bo‘lishdi.
Sardor Azimov: “Bizda bosim yo‘q, har qanday raqibga tayyormiz”
Tajribali himoyachi Sardor Azimovga ko‘ra, “Andijon” bu turnirda ilk bor ishtirok etayotgani uchun jamoada ortiqcha bosim yo‘q:
— Guruhimizga kim tushishidan qat’i nazar, biz ularga qarshi maydonga chiqamiz. Biz uchun asosiy maqsad – munosib ishtirok va muxlislarimizni xursand qilish. Xudo xohlasa, guruhdan chiqish uchun bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Agar kuchli jamoalarga to‘qnashsak – tajriba bo‘ladi, teng raqiblar bo‘lsa – oxirigacha kurashamiz, — dedi Azimov.
Sunnatilloh Hamidjonov: “Bu imkoniyatdan maksimal foydalanamiz”
Yosh va iste’dodli yarim himoyachi Sunnatilloh Hamidjonov ham o‘z fikrlarini bildirdi:
— Qaysi jamoa bo‘lishidan qat’i nazar, maqsadimiz aniq – yaxshi natija va g‘alabalar bilan muxlislarimizni xursand qilish. Bu musobaqa klubimiz tarixida ilk marta o‘tkazilayapti va biz bor mahoratimiz bilan o‘ynashga tayyormiz. Chunki yana bunday imkoniyat qachon kelishi noma’lum. Bu turnirda kuchsiz jamoa yo‘q, har biri o‘z darajasida kuchli. Menimcha, bizga “Al-Vasl”, “Al-Muharraq” yoki “Al-Xaldiya” tushishi mumkin, lekin qur’ada aniq bilamiz, — dedi Hamidjonov.
Eldor Adhamov: “Nomdor klublarga qarshi o‘ynash — katta sharaf”
Hujumchi Eldor Adhamov esa to‘g‘ridan to‘g‘ri gapirdi:
— Qaysi jamoa tushishi farq qilmaydi. Agar qulayroq raqib bo‘lsa, yaxshi, lekin “Al-Nassr” kabi nomdor klublarga qarshi o‘ynash ham yoqimli. Biz chin dildan harakat qilsak, oldimizdagi vazifani bajarishimiz mumkin. Asosiy maqsad – muxlislarimizni quvontirish, — deya ta’kidladi u.
“Andijon” jamoasi musobaqa oldidan qanday raqib tushmasin, maydonda bor kuchini berib o‘ynash niyatida. Muxlislar esa qur’aning natijasini va OCHL 2dagi jamoa ishtirokini katta qiziqish bilan kutmoqda.
Andijonlik futbolchilar OCHL 2 oldidan o‘z fikrlarini bildirdi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar