Angliyaning kuchli klublaridan biri hisoblangan “Manchester Siti”da transfer siyosati yangi bosqichga ko‘tarildi. Bosh murabbiy Xosep Gvardiola bir necha bor tarkibni qisqartirish zarurligini ta’kidlaganidan keyin, klub rahbariyati bir nechta futbolchining ketishi bo‘yicha aniq harakatlarni boshlab yubordi.
Ma’lumki, o‘tgan mavsumning ilk yarmida yuz bergan inqirozdan so‘ng, jamoa tarkibini yoshartirish va qayta shakllantirish rejasi qabul qilingandi. Bu jarayon qishki transfer oynasidayoq amaliy qadamlar bilan boshlanib, avvalombor Abduqodir Husanov jamoaga olib kelindi.
Shundan keyingi ikki transfer oynasida klub Husanovdan tashqari Vitor Reys, Umar Marmush, Niko Gonsales, Markus Bettinelli, Tijani Reynders, Rayan Ayt-Nuri, Rayan Sherki, Sverre Nyupan va Jeyms Trafford kabi iqtidorli futbolchilarni ham o‘z saflariga qo‘shdi.
Ekspertlar ta’kidlashicha, hozirda “Siti” markaziy himoya chizig‘ida ortiqcha tarkib shakllanib qolgan. Zamonaviy futbolda esa markaziy himoyachilar zaruratsiz deyarli almashtirilmaydi.
Yangi mavsum boshlanishi arafasida Gvardiola qo‘li ostida Jon Stounz, Ruben Diash, Yoshko Gvardiol, Manuel Akanji, Natan Ake, Abduqodir Husanov va Vitor Reys kabi himoyachilar bor edi. Ammo endi ularning ayrimlari ketma-ket tarkibdan chiqarilmoqda. Birinchi bo‘lib Vitor Reys “Jirona” klubiga ijaraga yo‘llandi.
Hozirda esa yana bir nechta himoyachiga xaridorlar paydo bo‘ldi. Jumladan, tajribali Manuel Akanji faoliyatini Turkiya chempioni “Galatasaroy”da davom ettirishi mumkin. Fabritsio Romano ma’lumotiga ko‘ra, istanbulliklar 30 yoshli shveysariyalik futbolchi uchun 15 million funt taklif qilishgan va kelishuv yakunlanish arafasida.
Shu bilan birga, Angliya Premer-ligasidagi “Everton” rahbariyati ham “Siti” bilan hamkorlikni davom ettirish istagida. Mersisaydliklar avvalroq Jek Grilishni ijaraga olgan bo‘lsa, endi bosh murabbiy Devid Moyes himoya chizig‘ini kuchaytirish maqsadida Natan Ake transferiga qiziqish bildirmoqda.
“Everton”da Jarrad Brentueyt va Vitaliy Mikolenkoning jarohatlari sabab himoyada katta muammo paydo bo‘lgan. Shu bois klub Akening xizmatlariga jiddiy tarzda e’tibor qaratmoqda va uni hech bo‘lmaganda ijara asosida qo‘lga kiritishni rejalashtirmoqda.
Shu tariqa, agar Akanji va Ake ketsa, Gvardiola qo‘li ostida Ruben Diash, Jon Stounz, Yoshko Gvardiol va Abduqodir Husanovdan iborat to‘rt himoyachi qoladi. Mavsum davomida Premer-liga, Chempionlar ligasi va milliy kuboklarda ishtirok etishini hisobga olsak, bu holat Husanovga ko‘proq o‘yin amaliyoti olish imkoniyatini yaratishi mumkin.
Muxlislar uchun eng qiziq jihat — “Siti” tarkibidagi bunday o‘zgarishlar klubning yangi mavsumdagi natijalariga qanday ta’sir ko‘rsatishi. Shu savolning javobini esa tez orada ko‘ramiz.
“Manchester Siti”da katta o‘zgarishlar: Akanji va Ake ketishi mumkin
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar