Futbol olamining eng yirik va ko‘pchilik intiqlik bilan kutgan musobaqasi – 2026 yilgi Jahon chempionatiga qur’a tashlash marosimi sanasi va o‘tkaziladigan joyi rasman ma’lum qilindi. FIFA tarqatgan xabarga ko‘ra, mazkur tadbir joriy yilning 5 dekabr kuni AQSH poytaxti Vashingtonda, mamlakatning madaniy yuragi sifatida tanilgan Kennedi markazida bo‘lib o‘tadi.
FIFA prezidenti Janni Infantino qur’a marosimi haqida fikr bildirib, uni jahon futboli tarixidagi eng muhim bosqichlardan biri sifatida ta’rifladi. Uning so‘zlariga ko‘ra: “Jahon chempionati tarixidagi eng uzoq kutilgan qur’a marosimini aynan AQSHning madaniy markazi hisoblangan Kennedi markazida o‘tkazishdan mamnunmiz. Bu – musobaqaga tayyorgarlik jarayonidagi asosiy voqealardan biri bo‘lib, kelasi yili start oladigan eng yirik sport bayrami uchun katta qadam sanaladi. Biz terma jamoalar delegatsiyalari, hamkorlarimiz, jurnalistlar va, eng muhimi, 16 mezbon shaharning futbol ishqibozlarini Vashingtonda qarshi olishni kutmoqdamiz”, – dedi u.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirga qadar mezbonlardan tashqari yana 10 ta terma jamoa mundialda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan. Ular orasida O‘zbekiston, Argentina, Avstraliya, Braziliya, Ekvador, Eron, Yaponiya, Iordaniya, Koreya Respublikasi va Yangi Zelandiya kabi jamoalar bor.
Jahon chempionatida umumiy hisobda 48 ta terma jamoa ishtirok etadi. Qur’a tashlash marosimiga qadar ularning 42 tasi aniqlanishi kutilmoqda. Qolgan 6 yo‘llanma esa 2026 yilning mart oyida o‘tkaziladigan pley-off bahslari orqali egallanadi.
2026 Jahon chempionati qur’asi 5 dekabrda Vashingtonda o‘tkaziladi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar