Moskvaning CSKA klubi o‘zbekistonlik futbolchi Abbosbek Fayzullayevni Turkiyaning “Bashakshehir” jamoasiga sotgani uchun 7,5 mln yevro olishi kerak edi. Biroq klub hozircha faqat 6 mln yevro qabul qildi, deb Kursiv.media xabar berdi.
Sport jurnalisti Ivan Karpovning ma’lum qilishicha, qolgan 1,5 mln yevro Turkiyadagi maxsus hisobda saqlanmoqda. Ayni paytda armiyachilar rahbariyati bu mablag‘ni qayerga yo‘naltirish masalasini ko‘rib chiqmoqda.
Karpov bu holatga izoh berib: “So‘ngra so‘raysizlar, CSKA Beltran uchun qanday to‘laydi? Ular dunyo bo‘ylab shunday zaxiralarni ko‘p tarqatib yuborishgan. Hech xavotir olmang”, — deb yozdi.
Ma’lumot uchun, CSKA Fayzullayevni iyul oyining oxirida “Bashakshehir”ga sotgan edi. Keyinchalik transfer summasi — 7,5 mln yevroga oid pul o‘tkazmalari bilan bog‘liq muammolar haqida xabarlar tarqaldi.
19 avgust kuni CSKA vakili Kirill Breydo mablag‘lar klub hisobiga tushganini tasdiqladi. Fayzullayev esa yangi jamoasi safida 21 avgust kuni Ruminiya klubi “Universitatya Krayova”ga qarshi o‘yinda debyut qildi. Uchrashuvda turklar mag‘lub bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!