Argentinalik futbol yulduzi Lionel Messi uzoq kutilgan xushxabar bilan muxlislarini xursand qildi. “Inter Mayami” klubi tarkibida faoliyat olib borayotgan 38 yoshli hujumchi yaqinda olgan jarohatidan to‘liq tuzalib, jamoaviy mashg‘ulotlarga qayta qo‘shildi. Bu haqda klubga yaqin manbalardan biri — Inter Miami News Hub nashri xabar berdi.
Messi bilan bir qatorda, so‘nggi o‘yinlarni jarohati sababli o‘tkazib yuborgan ispaniyalik himoyachi Jordi Alba ham mashg‘ulotlarda faol ishtirok etmoqda. Ular 28 avgust, payshanba kuni bo‘lib o‘tadigan “Orlando Siti”ga qarshi Ligalar kubogi yarim finalida maydonga tushishga to‘liq tayyor.
Eslatib o‘tamiz, Messi joriy mavsumda “Inter Mayami” safida barcha musobaqalarda 25 ta uchrashuvda ishtirok etib, 20 ta gol urgan va 10 ta golli uzatma amalga oshirgan. Bu ko‘rsatkichlar futbolchining yuqori sport formasini yaqqol tasdiqlaydi.
Oldingi ikki uchrashuvda jamoasiga yordam bera olmagan Lionel endi yana safda. Bu nafaqat klub, balki uning millionlab muxlislari uchun ham ulkan ruhiy ko‘tarinkilikni ta’minlaydi.
Yaqinlashib kelayotgan “Orlando Siti”ga qarshi o‘ta muhim bahsda Messining ishtirok etishi “Inter Mayami” uchun jiddiy ustunlik bo‘lishi mumkin. Yo‘llanmani finalga olib chiqadigan ushbu o‘yinda tajribali yulduzlardan biri sifatida Messi jamoa muxlislari umidini oqlashga bel bog‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!