date

Ilyos Zeytullayev mag‘lubiyatdan so‘ng: “Bu o‘yin men uchun katta dars bo‘ldi”

Ilyos Zeytullayev mag‘lubiyatdan so‘ng: “Bu o‘yin men uchun katta dars bo‘ldi”

O‘zbekiston Kubogi 1/4 finali doirasida “Bunyodkor” o‘z maydonida “Buxoro”ga qarshi bahs olib bordi va dramatik uchrashuv 2:4 hisobida mehmonlar foydasiga yakunlandi. Bellashuvdan keyin “Bunyodkor” bosh murabbiyi Ilyos Zeytullayev matbuot anjumanida o‘z fikrlarini bildirdi.

Uchrashuv haqida

— Avvalo, “Buxoro”ni yarim finalga chiqqanligi bilan chin dildan tabriklayman. Bugungi mag‘lubiyat uchun hech kimni ayblamoqchi emasman, tanqid ham qilmayman. Faqat shuni aytishim mumkinki, bu bellashuv men uchun katta saboq bo‘ldi. Shunday o‘yinlar orqali murabbiy sifatida tajriba orttiradigan bo‘lamiz. Yigitlarimiz ko‘p harakat qilishdi, hatto hisobni 2:2 ko‘rinishga keltira oldik. Ammo so‘nggi yigirma kun ichida jamoa to‘rtinchi, beshinchi marotaba maydonga tushdi va charchoq o‘zini sezdirdi. Afsuski, o‘zimizga xos o‘yin uslubidan chetga chiqib qoldik. Mas’uliyatni to‘liq o‘z zimmamga olaman. Shogirdlarim esa men aytganlarni bajarishga harakat qilishdi. Endi orqaga qarab emas, faqat oldinga intilishimiz shart, — dedi murabbiy.

Raqibning o‘yini haqida

— Rostini aytsam, bugun “Buxoro” futbolchilarining ko‘zlarida olov ko‘proq ko‘rindi. Bu futbolda bo‘lib turadi. Shuni e’tirof etish kerakki, raqibimiz hujumkor va jonkuyar o‘yin ko‘rsatdi. Biroq bu mag‘lubiyat bilan hammasi tugab qolmaydi. Futbolda yo g‘alaba qilasan, yo mag‘lubiyatga uchraysan. G‘alaba bo‘lsa quvonasan, mag‘lubiyat bo‘lsa raqibni tabriklaysan, — deya qayd etdi Zeytullayev.

Motivatsiya va yetishmagan jihatlar haqida

— Hisobni 2:2ga olib kelganimizda umid paydo bo‘ldi, g‘alabaga intildik. Yigitlarimiz charchaganini aytdim, ammo “Buxoro” ham ko‘p o‘yinlarda maydonga tushib kelyapti. Buni ham tan olish kerak. Shu bilan birga, ayrim futbolchilarimizda jarohatlar bor edi, bu ham ta’sir ko‘rsatdi. So‘nggi paytlarda asosiy tarkibdagi ko‘pchilik futbolchilar deyarli har o‘yinda 90 daqiqa maydonda harakat qilishmoqda. Bu, tabiiyki, o‘z izini qoldirdi. Endi ozgina dam olib, Superliganing qolgan turlariga jiddiy e’tibor qaratamiz, — deya so‘zini yakunladi Zeytullayev.

Mutaxassisning fikricha, “Bunyodkor” uchun bu mag‘lubiyat katta dars sifatida xizmat qiladi. Endi esa jamoa asosiy e’tiborini Superliga bahslariga qaratib, mavsumni munosib yakunlashni maqsad qilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ilyos Zeytullayev mag‘lubiyatdan so‘ng: “Bu o‘yin men uchun katta dars bo‘ldi”