date

Yevropa yozgi transfer bozorida rekordlar va kutilmagan kelishuvlar

Yevropa yozgi transfer bozorida rekordlar va kutilmagan kelishuvlar

Yevropa futbolida yozgi transfer oynasi o‘z nihoyasiga yetdi. Top-5 chempionat jamoalari tarkibini kuchaytirish uchun milliardlab mablag‘lar yo‘naltirdi. Bu jarayonda har doimgidek Angliya Premer-ligasi klublari peshqadam bo‘ldi. E’tiboringizga bu yilgi yozda amalga oshirilgan eng qimmat transferlarni taqdim etamiz.

Aleksandr Isak: «Nyukasl» → «Liverpul» (144 mln yevro)

Bu transfer saga qator kutilmagan voqealar bilan yakun topdi. «Nyukasl» qanchalik harakat qilmasin, shvetsiyalik yulduz baribir o‘z yo‘lini tanladi va «Liverpul» safini to‘ldirdi. Isakning xaridi mersisaydliklarga 144 million yevroga tushdi. U yangi jamoasida 9-raqam ostida maydonga tushishi bilan yozdagi eng qimmat transfer sifatida qayd etildi.

Florian Virs: «Bayer» → «Liverpul» (125 mln yevro)

Germaniyalik yosh yarimhimoyachi Virs «Bayer»dagi muvaffaqiyatlaridan so‘ng Premer-ligaga yo‘l oldi. Unga «Bavariya» ham jiddiy qiziqish bildirgan bo‘lsa-da, futbolchi «Liverpul» variantini tanladi. Natijada 125 million yevro evaziga Arne Slot qo‘l ostiga keldi va tez orada jamoaga moslasha oldi.

Ugo Ekitike: «Ayntraxt» → «Liverpul» (95 mln yevro)

Yozning eng kutilmagan kelishuvlaridan biri. «Nyukasl» ham uni qo‘lga kiritish uchun harakat qilgandi, ammo oxir-oqibat fransuz hujumchi «Liverpul» safiga qo‘shildi. 95 million yevro evaziga amalga oshgan ushbu transfer Ekitikening dastlabki uchrashuvlardayoq gollar urgani bilan to‘liq o‘zini oqladi.

Niko Voltemade: «Shtutgart» → «Nyukasl» (85 mln yevro)

«Qarg‘alar» Isakning o‘rnini bosish uchun salkam ikki metrlik yirik hujumchi Voltemadeni sotib olishdi. Bu kelishuv klub tarixidagi eng qimmatiga aylandi — 85 million yevro va qo‘shimcha 5 million bonus. Undan Premer-ligada ham, Chempionlar Ligasida ham katta ishonch bilan foydalanish rejalashtirilgan.

Benjamin Sheshko: «Leypsig» → «Manchester Yunayted» (76,5 mln yevro)

«MYU» hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun bir necha nomzodlarga murojaat qildi, ammo nihoyat sloveniyalik Sheshko bilan kelishuvga erishdi. «Leypsig» yetakchisini saqlab qololmadi va uni 76,5 million yevroga sotdi.

Viktor Osimhen: «Napoli» → «Galatasaroy» (75 mln yevro)

Nigeriyalik forvard yozda ko‘plab klublar e’tiborida bo‘ldi. Saudiyadan ulkan takliflar, Italiya va Angliyadan qiziqishlar bo‘ldi. Biroq Turkiya chempioni «Galatasaroy» tezkor harakat qilib, uni 75 million yevro evaziga qo‘lga kiritdi. Bu Turkiya futboli tarixidagi eng qimmat transfer sifatida qayd etildi.

Brayan Mbeumo: «Brentford» → «Manchester Yunayted» (75 mln yevro)

Kamerunlik tezkor yarimhimoyachi o‘tgan mavsumda «Brentford»ning yetakchisi bo‘ldi. Uning o‘yini «MYU» skautlari e’tiboridan chetda qolmadi va uzoq muzokaralardan so‘ng kelishuv 75 million yevro evaziga amalga oshdi.

Mateus Kunya: «Vulverxempton» → «Manchester Yunayted» (74,2 mln yevro)

Braziliyalik hujumchi «Vulverxempton»da yorqin mavsum o‘tkazganidan so‘ng bir necha top klublarning orzusiga aylandi. «Qizil iblislar» eng yaxshi taklifni berib, uni 74,2 million yevroga sotib oldi.

Luis Dias: «Liverpul» → «Bavariya» (70 mln yevro)

Kolumbiyalik vinger uchun «Bavariya» va «Barselona» o‘rtasida kurash bo‘lgan, ammo oxir-oqibat myunxenliklar g‘olib chiqdi. Ular 70 million yevro sarflab, Diasni olib kelishdi va unga ikki barobar yuqori maosh taklif qilishdi. Futbolchi qisqa fursatdayoq «Bavariya»ning hujumdagi yetakchilaridan biriga aylandi.

Martin Subimendi: «Real Sosiyedad» → «Arsenal» (70 mln yevro)

Londonliklar Ispaniya yarimhimoyachisini uzoq muzokaralardan so‘ng 70 million yevroga qo‘lga kiritishdi. Arteta shaxsan uni jamoaga olib kelishni xohlagan va futbolchi ham «to‘pchilar» taklifini qabul qildi.

Bu yozdagi transferlar yana bir bor Angliya klublari moliyaviy ustunligini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, Turkiya futboli ham tarixidagi eng yirik kelishuvni qayd etdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yevropa yozgi transfer bozorida rekordlar va kutilmagan kelishuvlar