Ispaniyadagi nufuzli xalqaro turnirda ishtirok etayotgan O‘zbekiston U-17 yoshlar terma jamoasi musobaqani Angliyaga qarshi bahs bilan boshlagan va 1:3 hisobida imkoniyatni qo‘ldan boy bergan edi.
Biroq ikkinchi turda yigitlarimiz yanada jipslashgan holda maydonga chiqib, Kanadaga qarshi kurash olib bordi. Asosiy vaqt 2:2 hisobi bilan yakunlandi. Musobaqa nizomiga ko‘ra g‘olib aniqlanishi uchun penaltilar seriyasiga murojaat qilindi. Penaltilarda o‘zbek yigitlari iroda va sovuqqonlik namoyish etib, 6:5 hisobida zafar qozonishdi.
Uchrashuvdan keyin terma jamoamiz bosh murabbiyi Islom Ismoilov Sports.uz saytiga o‘yin haqida batafsil fikr bildirib o‘tdi.
— Kanadaga qarshi bahs haqida so‘ralganda, ustoz shunday dedi: «Hisob to‘liq voqelikka mos keldi, deb ayta olmayman. Biz deyarli butun uchrashuvda ustunlik qildik. Lekin o‘yin boshida yo‘l qo‘yilgan diqqatsizlik va xatolar bizga qimmatga tushdi. Shunga qaramasdan, yigitlar iroda ko‘rsatib, vaziyatni o‘z foydamizga o‘zgartirishga erishishdi».
Shuningdek, murabbiy jamoaning umumiy taassuratlari haqida ham to‘xtalib, qo‘shimcha qildi: «Biz uchrashuvdan oldin ham juda murosasiz bahs bo‘lishini kutgandik. Shunday ham bo‘ldi. Har bir futbolchi barcha kuchini ishga soldi. Raqib kuchli bo‘lsa-da, qaysi jihatlarda yanada yaxshilanishimiz zarurligini ko‘rib oldik. Umuman olganda, o‘yindan ijobiy xulosa chiqarish mumkin».
Islom Ismoilov Angliyaga qarshi dastlabki bahs bilan solishtirganda, jamoada jiddiy o‘sish ko‘ringanini ta’kidladi: «Angliyaga qarshi o‘yinga nisbatan futbolchilarimiz intizom va jamoaviy harakatda ancha o‘sish ko‘rsatdi. Ikkinchi uchrashuvda iroda ham, harakatlar ham yuqoriroq darajada bo‘ldi. Bu esa jamoa bosqichma-bosqich to‘g‘ri yo‘ldan rivojlanayotganini ko‘rsatadi».
Bosh murabbiy shuningdek kuchli raqiblarga qarshi uslubdan voz kechmaslik muhimligini urg‘uladi: «Albatta, bu jarayon bosqichma-bosqich kechadi. Kuchli raqiblarga qarshi ham hujumkor uslubni saqlab qolishga intilyapmiz. Yigitlar o‘yindan o‘yinga o‘sishmoqda, ayniqsa mental jihatdan. Shu sabab, kelgusida kuchli raqiblar bilan ham o‘zimiz istagan futbolni ko‘rsata olishimizga ishonaman», — deya so‘zini yakunladi Islom Ismoilov.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!