Jahon chempioni Bastian Shvaynshtayger Germaniya terma jamoasi futbolchilarini Slovakiyaga qarshi JCH–2026 saralash bahsidagi (0:2) mag‘lubiyatdan so‘ng qattiq tanqid qildi.
Afsonaviy futbolchi uchrashuvdan keyin o‘z fikrlarini bildirib, jamoaning o‘yinidan katta ranjishini yashirmadi:
— Menga juda og‘ir ta’sir qildi. Lekin rostini aytsam, bir lahza ham g‘alabaga ishonmadim. Maydonda hech narsa ko‘rsatolmadik. Bu og‘ir mag‘lubiyat edi. Biz juda yomon harakat qildik. Uzatmalarimiz ham deyarli ish bermadi, raqib darvozasiga xavf sola olmadik. Agar nimanidir yutmoqchi bo‘lsangiz, maydonda iroda va matonat namoyon qilishingiz shart, — dedi Shvaynshtayger.
U shuningdek, muxlislar reaksiyasi haqida ham alohida to‘xtalib o‘tdi:
— Men o‘zimdan so‘rab qoldim: oxirgi marta qachon nemis muxlislari o‘z jamoasiga qarshi hushtakbozlik qilganini ko‘rganman? Bu holat yuragimni chindan ham og‘ritdi. Agar shunday tarzda o‘ynasangiz va Jahon chempionatiga chiqib qolsangiz, unga ham shukr qilishga to‘g‘ri keladi, — deya qo‘shimcha qildi u.
Shvaynshtaygerning bu chiqishi Germaniya futbolchilariga jiddiy ogohlantirish sifatida baholanmoqda. Muxlislar esa terma jamoa yaqin vaqt ichida o‘z o‘yinini tubdan yaxshilashi shart, deb hisoblamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!