Istanbulning «Bashakshehir» klubi mavsum boshidagi qoniqarsiz natijalardan keyin jiddiy qaror qabul qildi. Rahbariyat jamoa ustozi Chag‘dash Atan bilan yo‘llarni ajratishga qaror qilganini ma’lum qildi.
Turkiya ommaviy axborot vositalari tarqatgan xabarlarga ko‘ra, Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayev to‘p surayotgan mazkur jamoaga yangi bosh murabbiy sifatida Nuri Shahin tayinlanishi ehtimoldan xoli emas.
Ma’lumot uchun, Chag‘dash Atan «Bashakshehir»da faoliyat yuritgan muddat ichida jamoasi bilan 47 bor g‘alaba qozondi, 22 marta durangga imzo chekib, 29 marotaba mag‘lubiyatga uchradi. Shunga qaramay, bu mavsumda klub Yevropa Konferensiyalar ligasida saralash bosqichidan o‘ta olmadi. Shuningdek, Turkiya Superligasida ham dastlabki ikki o‘yin kutilgan natija bermay, ikkalasi ham durang bilan yakunlandi.
Mahalliy sport ekspertlari fikricha, yangi murabbiy tayinlanishi «Bashakshehir» uchun yangi bosqichni boshlab berishi mumkin. Shu bois, Nuri Shahin nomzodi jamoa atrofida ko‘p muhokama qilinmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!