O‘zbekiston milliy terma jamoasining bosh murabbiyi Temur Kapadze kecha “Futbol+” podkastida mehmon bo‘lib, oxirgi vaqtlarda xorijlik murabbiy olib kelinishi haqida tarqalayotgan xabarlar va atrofdagi muhokamalarga o‘z munosabatini bildirdi.
Kapadzening so‘zlariga ko‘ra, u hech qachon jamoaga top murabbiy kelishiga qarshi emas. Aksincha, bu holat uning tajribasini oshirishi va o‘rganishlari uchun yangi imkoniyat bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, u kerak bo‘lsa yordam berishga ham tayyorligini ta’kidladi. Biroq, bu jarayon tartibli va ochiq o‘tsa maqsadga muvofiq bo‘lishini aytdi.
“Agar yuqori tajribali murabbiy taklif etilsa, men bunga qarshi bo‘lmayman. Menda hali o‘rganadigan ko‘p narsalar bor. Shunga qaramasdan, qo‘ldan kelganicha yordam qilaman. Ammo bu ish tartibli tarzda amalga oshishi lozim. Masalan, avvalo yig‘ilish o‘tkazilib, jahon chempionati tajribasiga ega murabbiy olib kelinadi, Temur ham shtabda qoladi, deyishsa, barcha uchun hamma narsa aniq bo‘lardi. Atrofdagi turli gap-so‘zlar ham shuncha ko‘paymasdi”, – dedi murabbiy.
Uning aytishicha, federatsiya bu masalada uzoq vaqt jim qoldi va bu holat uni qiynagan. “Men uchun asosiy vazifa — yigitlarni turnirga tayyorlash edi. Ammo o‘zim ham nima bo‘layotganini bilmay qoldim. Rostini aytsam, atrofdagi shov-shuv va mish-mishlardan charchadim”, – deya qo‘shimcha qildi Kapadze.
Shu tariqa, milliy jamoa bosh murabbiyi ochiqlik va aniqlik tarafdori ekanini ko‘rsatdi. Uning fikricha, rahbariyatning oshkora va tartibli qarorlari ham futbolchilar, ham murabbiylar uchun ishonch va xotirjamlikni ta’minlaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!