date

Kamoliddin Tojiyev “Neftchi” mag‘lub etilgan o‘yin haqida nimalar dedi?

Kamoliddin Tojiyev “Neftchi” mag‘lub etilgan o‘yin haqida nimalar dedi?

Superliganing 21-turida “Paxtakor” o‘z maydonida “Neftchi”ni qabul qilib, dramatik bahsda 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvdan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiyev matbuot anjumanida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Tojiyev dastlab jamoaning bahsga tayyorgarligi haqida to‘xtalib o‘tdi:

— O‘yinni yaxshi boshladik. Chetlatishdan so‘ng himoyaga o‘tishga majbur bo‘ldik, ammo shunda ham gol urishga muvaffaq bo‘ldik. Ikkinchi bo‘limda esa himoyaga ko‘proq e’tibor qaratdik va besh nafar himoyachi uslubiga o‘tdik. Yigitlarga rahmat, ular maydonda bor kuchini berdi.

Bosh murabbiyga ko‘ra, bugungi zafarning asosiy sababi — jamoaning maqsadga intilishi:

— Yigitlar har bir ochkoning naqadar muhimligini tushunib turishibdi. Birinchi davrada ko‘p ochkolar yo‘qotdik, endi xato qilishga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Bugungi bahsda himoyada ishonchli harakat qildik va “Neftchi”ga deyarli imkoniyat qoldirmadik.

Tojiyev terma jamoadan qaytgan futbolchilarning holati haqida ham gapirdi:

— 15 nafar futbolchimiz turli terma jamoalar safida to‘p surdi. Yoshlarimiz U23 saralashida, ikki futbolchimiz esa Iroq terma jamoasiga chaqirildi. Jarohatlar haqida xavotir bor edi, ammo yigitlar to‘liq kuch bilan safga qo‘shilishdi. Charchoq sezilmadi, chunki “Paxtakor” uchun maydonga chiqqanda ular har doim borini berishadi.

Jamoaning hujumkor uslubi haqida to‘xtalar ekan, Tojiyev quyidagilarni qayd etdi:

— Biz faqat g‘alaba haqida o‘ylaymiz. 5-6ta gol urishni maqsad qilmaymiz. Ayrim bahslarda imkoniyatlardan unumli foydalanib, yirik hisobda g‘alaba qozondik. Ammo asosiy maqsad — faqat zafar.

“Nasaf” bilan farq 7 ochko bo‘lishiga qaramay, Tojiyev chempionlik uchun oxirigacha kurashishga va’da berdi:

— Oldinda hali 9ta tur bor. Har bir bahsda g‘alaba uchun maydonga chiqamiz. Chempionlik uchun oxirigacha kurashamiz.

Shuningdek, u stadion masalasiga ham to‘xtalib, jamoa yana bir oydan keyin o‘z arenasiga qaytishi mumkinligini ma’lum qildi.

Diyor Xolmatov haqida esa shunday dedi:

— Unga yetarli o‘yin vaqti berayapmiz. Mashg‘ulotlarda ham jiddiy muammo ko‘rmayapmiz. U ko‘proq o‘ynashi va tajriba to‘plashi kerak.

Shunday qilib, “Paxtakor” qiyinchiliklarga qaramay, har bir uchrashuvga maksimal kuch bilan yondashmoqda. Jamoa va murabbiy chempionlik uchun oxirigacha kurashishga bel bog‘lagan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kamoliddin Tojiyev “Neftchi” mag‘lub etilgan o‘yin haqida nimalar dedi?