Braziliya milliy terma jamoasini 2026 yilgi jahon chempionatiga tayyorlayotgan tajribali italiyalik mutaxassis Karlo Anchelotti kelgusidagi rejalari haqida ochiq bayonot berdi.
Anchelottining ta’kidlashicha, Braziliya safaridan keyin u faqat bitta klubda faoliyat yuritishi mumkin — bu esa Madridning mashhur “Real” jamoasi hisoblanadi.
– Braziliya terma jamoasidan keyin men faqat bitta klubda ishlashga rozi bo‘laman. Bu klub — “Real”, – dedi 66 yoshli mutaxassis.
Karlo Anchelotti Madrid klubini ikki marotaba boshqargan. Ilk bor 2013–2015-yillarda jamoani qo‘lga olgan bo‘lsa, keyinchalik 2021-yildan 2025-yilgacha “qirollik klubi” bilan katta muvaffaqiyatlarga erishgan.
Aynan uning qo‘l ostida “Real” futbolchilari uch marta Yevropa Chempionlar ligasini yutib, xalqaro maydonda o‘z nufuzini yanada mustahkamladi. Shuningdek, jamoa ikki martadan Ispaniya chempionati va mamlakat kubogini qo‘lga kiritdi, UYEFA Superkubogi va Ispaniya Superkubogida ham g‘olib bo‘ldi.
Anchelottining bu kabi bayonoti uning kelajakda yana Madridga qaytib, “Real” safida yangi tarix yozish istagi borligidan darak bermoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!