Braziliya terma jamoasining taniqli sobiq yarim himoyachisi Kaka kelajakda murabbiylik qilish istagini bildirdi.
Lissabonda o‘tkazilgan xayriyaviy o‘yinda ko‘plab futbol afsonalari qatorida 43 yoshli Kaka ham maydonga tushdi. U 2017 yilda professional faoliyatini yakunlaganiga qaramay, futbolga muhabbati hanuz kuchli.
"Men uchun futbol hayotimning ajralmas qismi. Har gal maydonga kirganimda o‘ziga xos hissiyotlarni boshdan kechiraman. Bir kun kelib murabbiy sifatida ish boshlashni xohlardim. Bu men uchun ulkan va qiyin sinov bo‘lardi", – deya Kakaning so‘zlarini PianetaMilan La Gazzetta dello Sport nashri keltiradi.
Kaka o‘z karyerasini Braziliyaning "San-Paulu" klubida boshlab, keyin "Milan", "Real" va "Orlando Siti" jamoalari sharafini himoya qilgan.
Eslatib o‘tamiz, u 2007 yilda "Oltin to‘p" sovrinini qo‘lga kiritgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!