Chess.com Open 2026: Sindorov musobaqani tark etdi, Abdusattorov kurashni davom ettirmoqchi

Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov dunyoning eng yirik onlayn shaxmat musobaqalaridan biri — Chess.com Open 2026da ishtirok etdi.
Ushbu turnir kibersport boʻyicha 2026 yilgi Jahon Kubogi — Esports World Cup 2026 uchun saralash bosqichi hisoblanadi. Musobaqada jahonning eng kuchli shaxmatchilari qatnashib, keyingi bosqich yoʻllanmalari va yirik mukofot jamgʻarmasi uchun bellashmoqda.
Musobaqada 2026 yilgi FIDE Nomzodlar turniri gʻolibi Javohir Sindorov oʻz ishtirokini yakunladi. Ilk bosqichda rossiyalik Danil Dubovga qarshi bahsda imkoniyatni qoʻldan chiqargan Sindorov, ikkinchi imkoniyatdan samarali foydalana olmadi. U fransuz grossmeysteri Maksim Vashe-Lagravga qarshi dona surdi. Ilk ikki partiyada 1:1 hisobi qayd etildi. Armagedonda (shaxmatdagi penalti seriyasi) esa Sindorov magʻlubiyatga uchrab, turnirni tark etdi.
Nodirbek Abdusattorov esa birinchi bosqichda amerikalik Sem Sevianni 3:0 hisobida magʻlub etdi. Keyingi bosqichda u belaruslik Denis Lazavikga qarshi bahs olib bordi. Ushbu uchrashuvda Abdusattorov 3:2 hisobida imkoniyatni boy berdi va endi magʻlublar yoʻlagida rossiyalik Yan Nepomnyaschiyga qarshi oʻyin oʻtkazadi.
Turnir yana bir bor taʼkidlash joizki, Esports World Cup 2026 uchun saralash vazifasini bajaradi. Unda jahonning yetakchi shaxmatchilari keyingi bosqichlarga chiqish va salmoqli mukofot jamgʻarmasi uchun kurash olib bormoqda.
Shaxmatchilar “10+0”, yaʼni rapid formatida bellashmoqda. Ikki marta magʻlubiyatga uchragan ishtirokchi chempionlik uchun kurashni yakunlaydi.
Maʼlumot oʻrnida, 2025 yilgi Esports World Cup 2025da NAVI safida qatnashgan Nodirbek Abdusattorov 5-oʻrinni egallab, 85 ming AQSH dollari miqdoridagi mukofot pulini qoʻlga kiritgan edi. Guruh bosqichida ishtirokini yakunlagan Team Vitality vakili Javohir Sindorov esa 50 ming AQSH dollari bilan taqdirlangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!