date

"Real" muxlislari kutgan xabar: Bellingem va Kamavinga safga qaytishi mumkin

"Real" muxlislari kutgan xabar: Bellingem va Kamavinga safga qaytishi mumkin

La Liganing beshinchi turidan o‘rin olgan uchrashuvda Madridning “Real” klubi o‘z maydonida “Espanol”ga qarshi bahs olib boradi. Bu uchrashuv oldidan jamoa uchun muhim yangilik paydo bo‘ldi — so‘nggi paytlarda jarohatlari sabab o‘yinlarda qatnashmagan Eduardo Kamavinga va Jud Bellingem safga qaytishi mumkin.

Jamoa bosh murabbiyi Xabi Alonso matbuot anjumanida ularning holati haqida to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, har ikki futbolchi ham navbatdagi bahsda maydonga tushish imkoniyatiga ega. Biroq ular mashg‘ulot jarayoniga endigina qo‘shilgani uchun murabbiy hali barchasi noma’lumligini ta’kidladi.

“Bellingem va Kamavinga uchrashuvda ishtirok etishi mumkin. Biroq ular to‘liq formaga kirib ulgurmagan. Futbolda kutilmagan holatlar bo‘ladi, shuning uchun barchasini vaqt ko‘rsatadi”, — dedi Xabi Alonso.

Bellingem yangi mavsum boshlanishidan beri klub uchun muhim yo‘qotish bo‘lib kelayotgan edi. Uning maydondagi harakatlari va yetakchilik qobiliyati “Real”ning o‘yiniga katta ta’sir ko‘rsatadi. Kamavinga esa jarohat tufayli bir necha hafta davomida safdan chetda qolgandi. Uning qaytishi jamoa yarim himoyasiga yanada kuch qo‘shishi tabiiy.

“Real” yangi mavsumda La Ligada hali birorta ochko yo‘qotmagan yagona jamoa sifatida maydonga chiqmoqda. Madridliklar dastlabki to‘rtta turda ham raqiblarini mag‘lub etib, 12 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Shu natijalar ularni musobaqa jadvalida peshqadamga aylantirdi.

Endilikda muxlislarning e’tibori “Espanol”ga qarshi bahsga qaratilgan. Agar Bellingem va Kamavinga rostdan ham maydonga tushsa, bu “qirollik klubi” uchun katta ustunlik bo‘lishi mumkin. Chunki har ikki futbolchi hujum va yarim himoyada jamoaga katta ta’sir ko‘rsatish qodir.

“Real”ning muxlislari endi nafaqat g‘alabani, balki sevimli o‘yinchilarining maydonga qaytib, jamoaga yanada kuch bag‘ishlashini ham kutishmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Real" muxlislari kutgan xabar: Bellingem va Kamavinga safga qaytishi mumkin