Angliya Premer-ligasining 5-turidan o‘rin olgan «Arsenal» — «Manchester Siti» superdueli oldidan «shaharliklar»ning yetakchi futbolchilari Bernardu Silva va Rodri muxlislar bilan samimiy suhbat qurishdi. Ular o‘tgan mavsumdagi 1:5 hisobidagi og‘ir mag‘lubiyat haqida fikr bildirib, bu safar butunlay boshqacha «Siti»ni ko‘rish mumkinligini ta’kidlashdi.
Bernardu Silva o‘sha kechani yodga olib, jamoaning o‘ta mo‘rt holatda bo‘lganini aytdi:
— «Bu biz uchun juda og‘ir lahza edi. Birorta yo‘lga qo‘yilgan xatoning oqibatida butun o‘yin izdan chiqadi. Ruhiy jihatdan ham, maydondagi harakatlarimizda ham zaiflik bor edi. «Arsenal» esa qon hidini sezib, ustunlik qildi va imkoniyatni boy bermadi. Bunday raqiblarga qarshi doim maksimal darajada bo‘lish shart».
Rodri esa jamoaning asosiy quroli haqida to‘xtalib, qasos kayfiyatini yashirmadi:
— «Yillar davomida biz uchun ruhiy ustunlik eng katta qurol bo‘lib keldi. Hatto ishlar ko‘ngildagidek ketmaganda ham, chempionlik mentaliteti sabab o‘zimizni ko‘rsata oldik. Ammo o‘tgan mavsumda «Arsenal»ga qarshi yomon davrga tushib qoldik va ular bundan foydalanishdi. Endi esa ularga hozirgi «Siti» mutlaqo boshqacha ekanini ko‘rsatish istagimiz bor».
Silva va Rodri o‘rtasida «qasos» so‘zi haqida qiziqarli muloqot ham kechdi. Silva bu atamani yoqtirmasligini aytsa-da, Rodri bu so‘z ortidagi kuch va ruhiy kayfiyat muhimligini ta’kidladi.
«Arsenal» — «Manchester Siti» janggi bugun, 21 sentyabr kuni, Toshkent vaqti bilan 20:30da start oladi. Muxlislar nafaqat ikki top-klub to‘qnashuvini, balki jamoalar o‘rtasidagi ortiqcha hissiyot va prinsipial kurashning ham guvohi bo‘lishadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!