date

Ro‘ziqul Berdiyev: "Nasaf" g‘alabasi uchun uslubdan voz kechishga majbur bo‘ldik

Ro‘ziqul Berdiyev: "Nasaf" g‘alabasi uchun uslubdan voz kechishga majbur bo‘ldik

Superliganing 22-turidan o‘rin olgan "Qizilqum" – "Nasaf" (0:1) uchrashuvidan keyin qarshiliklar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Berdiyevning ta’kidlashicha, bahs ko‘pchilik kutganidek mazmunli va samarali kechmagan bo‘lishi mumkin. Ammo har ikki jamoaning g‘alaba uchun intilishi va maydondagi kurashi shubhasiz ko‘zga tashlangan. "Maydon holati juda og‘ir edi, bu esa futbol sifatiga katta ta’sir qildi. Maydonga mas’ul shaxslar buni inobatga olib, chora ko‘rishlari zarur," – dedi murabbiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, "Nasaf" futbolchilariga kechagi mashg‘ulotdayoq oddiy o‘ynash, lekin natijaga erishish haqida uqtirilgan. "Biz bugun uzun uzatmalarga tayandik. Muhimi – kerakli uch ochkoni oldik. Bu g‘alaba futbolchilarimiz va uzoq yo‘l bosib kelgan muxlislarimiz uchun katta sovg‘a," – deya qo‘shimcha qildi Berdiyev.

Jamoaning o‘yini mazmun jihatidan yetarli bo‘lmaganini tan olgan mutaxassis bu holatni "Al-Ahli"ga qarshi safar bahsidan keyin kuch yo‘qotilgani va tiklanishga ehtiyoj bo‘lgani bilan izohladi. "Bugun biz uchun uslub emas, natija muhim edi. Shu bois, o‘z uslubimizdan vaqtincha voz kechdik," – dedi u.

Shu tariqa, "Nasaf" qiyin sharoitda ham muhim g‘alabaga erishib, chempionlik uchun kurashda ochkolar zaxirasini yanada mustahkamladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: "Nasaf" g‘alabasi uchun uslubdan voz kechishga majbur bo‘ldik