Elit Osiyo Chempionlar Ligasining ilk turidan so‘ng OFK rasmiy sayti haftaning ramziy jamoasini e’lon qildi. Mazkur ro‘yxatga qator yetakchi klublar vakillari bilan bir qatorda, O‘zbekiston futboli sharafini himoya qilayotgan «Nasaf» hujumchisi Husayn Norchayev ham kiritildi.
Qarshiliklar ilk turda safarda Saudiyaning kuchli jamoalaridan biri — «Al Ahli»ga qarshi maydonga tushib, 2:4 hisobida mag‘lub bo‘lgan edi. Biroq shu o‘yinda Norchayev o‘zini haqiqiy sardor va top-hujumchi sifatida ko‘rsatib, jamoasi uchun ikki gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Uning harakatlari muxlislar va mutaxassislar tomonidan alohida e’tirof etildi.
Ta’kidlash joizki, bu Husaynning xalqaro musobaqalardagi yana bir katta yutug‘i hisoblanadi. Yosh bo‘lishiga qaramay, u nafaqat mahalliy chempionatda, balki Osiyoning eng nufuzli klub turnirida ham o‘z so‘zini ayta olishini amalda isbotladi.
Endi «Nasaf»ni yanada mas’uliyatli sinov kutmoqda. 2-turda Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari Saudiyaning yana bir grand klubi — «Al Hilol» bilan to‘qnash keladi. Mazkur bellashuv 29 sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan 18:45 da «Yoshlar» stadionida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Karshiliklar uchun bu o‘yin katta sinov bo‘lishi tabiiy, ammo Norchayevning hozirgi formasi va jamoaning g‘alabaga bo‘lgan intilishi muxlislarda katta umid uyg‘otmoqda. Agar «Nasaf» o‘z uyida muvaffaqiyatli o‘ynasa, guruhdagi imkoniyatlar yanada kengayadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!