O‘zbekistonda sport sohasini keng qamrovda rivojlantirish, uni xalqaro mezonlarga mos ravishda yangi bosqichga olib chiqish masalasi davlat darajasida ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Prezident tashabbusi bilan so‘nggi yillarda xorijlik mutaxassislarni mamlakatimizga jalb etish, ular orqali tajriba almashish, sportchi va murabbiylarni tayyorlash tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayon milliy terma jamoalarning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Hozirgi kunda turli yo‘nalishlardagi sport jamoalarida xorijdan taklif etilgan murabbiylar muvaffaqiyatli ish olib borishmoqda. Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, bunday qadamlar yuqori samaradorlikka erishish, milliy jamoalarimizning raqobatbardoshligini oshirishda o‘z samarasini bermoqda.
Shu maqsadda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi erkaklar terma jamoasi murabbiylar shtabi yangi a’zo bilan to‘ldirildi. Federatsiya raisi Azizjon Komilov va rossiyalik mutaxassis Kamil Magomedov o‘rtasida rasmiy shartnoma imzolandi. Bu kelishuv dzyudomiz taraqqiyoti yo‘lida yana bir muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 44 yoshli Kamil Magomedov o‘z sportchilik faoliyati davomida -81 va -90 kilogramm vazn toifalarida kuch sinashgan. U 2012-yilda jamoaviy jahon chempionatida oltin medalga ega chiqqan, uch karra Yevropa chempionati sovrindori bo‘lgan. Shuningdek, Yevropa kubogi va politsiya xodimlari o‘rtasidagi jahon chempionatida ham zafar quchgan.
Bunday tajribali murabbiyning jalb etilishi milliy dzyudomizning rivojlanishiga katta hissa qo‘shishi tabiiy. Mutaxassisning bilim va ko‘nikmalari yordamida yosh sportchilarning mahorat darajasi yuksalishi, terma jamoamiz esa eng nufuzli xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etishi kutilmoqda.
O‘zbekiston dzyudosidagi bu yangilik sport ixlosmandlarida katta qiziqish uyg‘otdi. Hammadan muhim jihati — milliy dzyudomiz kelgusida jahon chempionati va Olimpiada kabi yirik turnirlarda munosib natijalar ko‘rsatishi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!