«Manchester Siti»ning yozgi transfer bozoridagi harakatlari atrofida qizg‘in muhokamalar davom etmoqda. Katta maqsadlar yo‘lida doimo o‘z tarkibini kuchaytirishga intiladigan jamoa bu safar Braziliya terma jamoasi yarimhimoyachisi Bruno Gimaraesga ko‘z tikkan edi.
Jurnalist Li Rayder tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, «shaharliklar» rahbariyati rasman «Nyukasl» klubiga taklif yo‘llab, 27 yoshli mahoratli yarimhimoyachini sotib olishga harakat qilgan. Biroq «qarg‘alar» rahbariyati jamoa uchun muhim figura hisoblangan Gimaraesni sotish fikrini hatto muhokama qilishni ham istamadi.
Natijada «Manchester Siti» transfer rejasini o‘zgartirib, «Milan» tarkibida o‘ynayotgan Tiani Reydersni o‘z safiga qo‘shib oldi. Bu qaror Gvardiola taktik rejalarida ham katta ahamiyat kasb etdi.
Eslatib o‘tish joiz, Bruno Gimaraes 2022-yildan buyon «Nyukasl Yunayted» tarkibida to‘p surib kelmoqda va qisqa vaqt ichida jamoaning asosiy yetakchilaridan biriga aylandi. Bu mavsumda u barcha musobaqalarda muntazam maydonga tushib, o‘z hisobiga 1ta gol yozib qo‘ydi.
Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, Gimaraesning bozor qiymati hozirda 80 million yevroga baholanmoqda. Bu esa uni Yevropa futbol bozorida eng qimmat va talab yuqori bo‘lgan yarimhimoyachilardan biriga aylantirmoqda.
Shu tariqa, «Manchester Siti»ning bu transferdagi niyati amalga oshmadi, ammo klubning yanada kuchli tarkib shakllantirish borasidagi intilishlari o‘z yo‘nalishida davom etmoqda. Muxlislar esa Gvardiolaning qishki transfer oynasida qanday qarorlar qabul qilishini qiziqish bilan kutmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!