O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi yaqin kunlarda jahon futbolidagi yirik nomlardan biri – 2006-yilda «Oltin to‘p» sovrinini qo‘lga kiritgan Fabio Kannavaro bilan muloqot olib bordi. Championat.asia saytining yozishicha, muzokaralar Kannavaroning yurti – Italiyada bo‘lib o‘tgan.
Mashhur himoyachi sifatida tarixda qolgan va keyinchalik murabbiylik yo‘lini tanlagan Kannavaro BAA, Xitoy hamda Saudiya Arabistoni klublarida o‘zini sinab ko‘rdi. Shuningdek, u Xitoy milliy terma jamoasi, «Benevento», «Udineze» va Xorvatiyaning «Dinamo» Zagreb klublarida bosh murabbiy lavozimini bajargan. Mazkur tajriba uni jahon futbolida katta obro‘ qozongan mutaxassis sifatida namoyon etdi.
O‘FA rahbariyatining Kannavaro bilan olib borgan muzokaralari O‘zbekiston milliy terma jamoasi boshqaruviga uni taklif etish imkoniyati bilan bog‘liq. Agar kelishuv amalga oshsa, terma jamoa tarixida birinchi marta «Oltin to‘p» sohibi murabbiy sifatida jamoani boshqarishi mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tish joiz, 52 yoshli Kannavaro o‘tgan oy O‘zbekistonda mehmon bo‘lib, futzal bo‘yicha O‘zbekiston Superkubogi finalida ishtirok etdi. Shuningdek, mahalliy futbol afsonalari bilan birga ko‘rgazmali o‘yinda maydonga tushgani bilan ham muxlislar xotirasida qoldi.
Bu xabar ortidan futbol muhitida qizg‘in muhokamalar boshlandi. Kannavaro kabi nufuzli shaxsning O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlanishi nafaqat mamlakat futbolining nufuzini oshirishi, balki yosh futbolchilar uchun ham katta motivatsiya bo‘lishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!