date

Ro‘ziqul Berdiyev: «Natija qoladi, o‘yin esa esdan chiqadi»

Ro‘ziqul Berdiyev: «Natija qoladi, o‘yin esa esdan chiqadi»

Superliganing 23-turidan o‘rin olgan “Nasaf” – “Xorazm” (2:1) uchrashuvidan so‘ng qarshiliklar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida ishtirok etib, jamoaning navbatdagi g‘alabasi va kelgusi rejalari haqida to‘xtaldi.

Berdiyev so‘zining avvalida muxlislarni tabriklab, asosiy urg‘uni natijaga qaratdi:

— “O‘yin haqida alohida to‘xtalgim yo‘q. Chunki futbolda bahs o‘tib ketadi, ammo natija qoladi. Biz oxirgi paytlarda ochkolar yig‘ishda davom etyapmiz. Hozir eng muhimi — shu. “Xorazm” bizga juda yaxshi qarshilik ko‘rsatdi, ayniqsa birinchi bo‘limda vaziyatlar yaratishdi. Ammo ikkinchi taymda ularning kuchi kamaygach, ustunlik bizga o‘tdi va muhim g‘alabani qo‘lga kiritdik”, — dedi murabbiy.

Uchrashuvda ikki legionerning zaxiraga olinishi haqida Berdiyev shunday izoh berdi:

— “Afsuski, ulardan kutilgan samara ko‘rinmadi. Shu bois hujumni kuchaytirish maqsadida boshqa o‘yinchilarga ishonch bildirdik.”

Umar Eshmurodovning bahs so‘nggi daqiqalarida maydonga tushirilishi ham murabbiy tomonidan sharhlandi:

— “Umar ko‘plab o‘yinlarda asosiy tarkibda tushib, katta ishlarni bajarib kelgan. Bu safar unga dam berishni istagan edik, ammo o‘yin sharoiti tufayli zaxiradan qo‘shdik.”

Yangi kelgan legionerlar haqida Berdiyev quyidagicha fikr bildirdi:

— “‘Nasaf’ — katta klub. Bunday jamoaga darhol moslashib ketish oson emas. Har bir futbolchi, xususan legionerlar moslashish jarayonidan o‘tishi tabiiy.”

Klubning kelgusi “Al Hilol”ga qarshi OCHL o‘yiniga tayyorgarligi haqida ham fikr bildirildi:

— “‘Al Hilol’ — Osiyoning eng kuchli klublaridan biri. Yulduzlar bilan to‘lib-toshgan jamoa. Biz aniq natijaga va’da berolmaymiz, ammo futbolchilarni jismonan ham, ruhan ham to‘liq tayyorlaymiz. Hammasidan ham muxlislar qo‘llovi juda zarur. Stadionda bo‘lishsa, biz uchun 12-o‘yinchi bo‘lishadi. Ijtimoiy tarmoqlarda qo‘llab-quvvatlash ham katta ruhiy kuch beradi.”

Shuningdek, tajribali hujumchi Dragan Cheranning holati haqida to‘xtalib, murabbiy quyidagicha qayd etdi:

— “Albatta, yosh omillari ta’sir qiladi. Lekin u hanuz jamoaga katta yordam bermoqda. Hujumlarni boshlashda va vaziyat yaratishda Cheranning tajribasi va faolligi bizga kerak bo‘lmoqda.”

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: «Natija qoladi, o‘yin esa esdan chiqadi»