date

Flik: “Barselona” g‘alabaga munosib o‘yin ko‘rsatdi va ruhlandi

Flik: “Barselona” g‘alabaga munosib o‘yin ko‘rsatdi va ruhlandi

Ispaniya chempionati 7-turidan o‘rin olgan “Barselona” – “Real Sosedad” (2:1) bahsidan so‘ng kataloniyaliklar bosh murabbiyi Xans-Diter Flik jurnalistlar bilan suhbatda o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Tajribali mutaxassis avvalo jarohatdan so‘ng safga qaytgan yosh iqtidor egasi Lamin Yamal haqida to‘xtalib, uning jamoaga qaytishi muhim voqea bo‘lganini ta’kidladi:

— Lamin Yamal yana maydonga qaytganidan juda xursandmiz. Bu nafaqat men uchun, balki butun jamoa uchun muhim. Chunki uning iqtidori haqida hammamiz yaxshi bilamiz. U bugun maydonda ajoyib harakat qildi va g‘alabaga hissa qo‘shdi, — dedi Flik.

Murabbiyning fikricha, “Barselona” futbolchilari umumiy holda ham bu bahsda a’lo darajada harakat qilishdi. U “Real Sosedad”ning o‘yini ham yuqori baholanishi kerakligini qayd etdi, ammo shunga qaramay, g‘alabaga ko‘proq “Barsa” munosib edi:

— Haqiqatni aytaman, raqib juda kuchli o‘ynadi, ularning uslubi menga yoqdi. Biroq bizda imkoniyatlar ko‘p bo‘ldi va oxirida g‘alabani ilib ketdik. Bu jamoamiz uchun muhim ruhiy qadam bo‘ldi, — deya qo‘shimcha qildi mutaxassis.

Flik shuningdek, jamoada rotatsiyalar zarurligiga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning aytishicha, mavsum davomida futbolchilarni sog‘lig‘i va holati doimiy nazoratda bo‘lishi kerak:

— Boshlang‘ich tarkib har doim bir xil bo‘lavermaydi. Sababi, mavsum uzun va o‘yinchilarni nazorat qilish, ularga dam berish juda muhim. Shuning uchun biz rotatsiyalarni ko‘p ko‘ramiz. Bu jamoa uchun faqat foyda keltiradi, — dedi “Barselona” ustozi.

Endilikda kataloniyaliklarni yanada og‘irroq sinov kutmoqda. Flikning ta’kidlashicha, jamoa ertagayoq Yevropa Chempionlar ligasidagi juda muhim bellashuv — PSJga qarshi bahs uchun mashg‘ulotlarni boshlaydi.

Kataloniya klubi “Real Sosedad” ustidan qozongan g‘alabasi orqali chempionat jadvalida peshqadamlikka chiqdi va muxlislar orasida yanada ishonch uyg‘otdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Flik: “Barselona” g‘alabaga munosib o‘yin ko‘rsatdi va ruhlandi